Oʻgʻlim yotlik qildi, hokim muruvvat koʻrsatdi…

15:12 06 Noyabr 2021 Jamiyat
617 0

Foto: Халқ сўзи

Hayot meni siylamadi, hali yosh paytimdayoq koʻp sinovlarni boshimdan kechirdim. Beshinchi sinfda oʻqiyotgan qizalogʻim turmush oʻrtogʻim bilan avtohalokatga uchrab, hayotdan erta koʻz yumdi. Ona uchun farzand dogʻi qandayligini faqat buni boshidan oʻtkazganlar biladi. Keyin suyanchiqsiz qolganim ham yana bir zarba boʻldi. Nachora, taqdir ekan, yolgʻiz oʻgʻlimni tarbiyalab, voyaga yetkazdim.

Yillar salomatligimga putur yetkazdi, birinchi guruh nogironiga aylandim. Oʻgʻlim ham uylangach, xotini bilan ketdi-yu, onadan xabar olish yodidan koʻtarildi. Yolgʻiz, hech kimga keragi yoʻq keksa ayol boʻlib, nurab yotgan uyda qarovsiz qoldim.

Televizorda har doim viloyat hokimi xalq bilan uchrashyapti, odamlarning muammolari hal boʻlyapti, degan gaplarni eshitgach, tavakkal qilib shunday sayyor qabullardan biriga bordim.

Tumonat odam, hamma oʻz dardi bilan kelgan. Menga navbat yetadimi-yoʻqmi, deya ikkilanib oʻtirdim. Keksaligimmi yo yurishga qiynalayotganim hisobga olinibmi, darrov yoʻl boʻshatishdi. Sogʻligimni tiklashni, uyimni ozroq boʻlsa ham epaqaga keltirishlarini soʻradim.

Viloyatimiz hokimi soʻzlarimni tinglagach, yonidagilarga topshiriq berdi. Bu topshiriq qachon bajarilarkan, deb uyga qaytdim.

Ammo oradan koʻp oʻtmay, abgorgina uyim odam oʻtiradigan holga keltirildi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasidagilar sogʻligʻimga eʼtibor qaratib, muolajalar qilishdi.

Baʼzida oʻzimni hech kimga keraksiz hisoblab, oʻksib qolardim. Rahbarlarimizning menday bir keksa bir ayol murojaatini eʼtiborsiz qoldirmay, yordam berganidan quvondim, shukr qildim. Demak, men yolgʻiz emas ekanman.

Gulsum Tagiyeva,
Samarqand shahri, Damariq mahallasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер