Odamlar dilidagi tashabbus ilgari surildi
Prezidentimizning Andijonga tashrifi biz, viloyat ahli uchun juda quvonchli, unutilmas voqea bo‘ldi.
Tumanlarni aylanib, aholi bilan uchrashib, o‘tgan bir yil ichidagi katta o‘zgarishlarni ko‘rgan davlatimiz rahbari ham buni his qilgani, shubhasiz. Buni Yurtboshimizning Ulug‘nor tumani hokimligida viloyat faollari hamda mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘tgan videoselektor tarzidagi yig‘ilishda birinchi bo‘lib gapirgan gapidan ham anglash qiyin emas: “Men aholi bilan uchrashdim, suhbatlashdim, ularning yuz-ko‘zlarida ozgina bo‘lsa-da, ishonchni, shukronalikni ko‘rdim, lekin biz shu ishonchni oqlay olamizmi? Xalqning kayfiyati doimo ko‘tarinki bo‘lishiga erisha olamizmi?”
Bu gaplardan sergak tortdik. Zimmamizdagi mas’uliyatni yanada ko‘proq his etdik. Shavkat Mirziyoyev faqat halol va pok odamgina Prezidentning do‘sti bo‘lishini aytdi. “Bugun Andijonda ish bor, lekin bu andijonliklar uchun kam. Chunki andijonliklarning tajribasi ham, salohiyati ham, bilimi ham yetarli. Andijon hamma sohada ilg‘or bo‘la oladi. Chunki bu zaminda buyuk Bobur avlodlari yashaydi”, dedi. Mazkur e’tirof Andijon ahli uchun juda katta bahodir.
“Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida xalqni rozi qilish, bandligini ta’minlash haqidagi takliflarini mamnuniyat bilan qarshi oldik. Bunday e’tibor hamda g‘amxo‘rlik uchun Andijon xalqi davlatimiz rahbari olib borayotgan islohot va siyosatdan cheksiz minnatdor. Prezidentimizning mana bu so‘zlari hammamizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga chorladi: “Xalqni rozi qilish uchun ikki soat kam uxlash, 4 soat ko‘proq yurish kifoya”.
Men mahalla raisi sifatida davlatimiz rahbarining shu gapini o‘zimga shior qilib oldim. Har bir xonadonni tadbirkorlikka tortish uchun kamroq uxlab, ko‘proq ishlasak, el-yurtning ko‘nglini topsak, rozi etsak, o‘z vazifamizni bajargan bo‘lamiz.
Yurtboshimizning viloyatimizga tashrifidan so‘ng tadbirkorlikni boshlashga ahd qilganlar soni oshganini ham mamnuniyat bilan qayd etishim o‘rinli bo‘ladi. Masalan, shu qisqa vaqtda yuzdan ortiq fuqarolar biznes bilan shug‘ullanish istagini bildirib, murojaat qilib keldi! Bunday manzaraga esa faoliyatim davomida birinchi bor duch keldim.
Demak, Prezidentimiz xalqimizning aynan dilidagi gapni o‘rtaga tashlagan ekan. Qolaversa, u kishi tashrif buyurgan sanoat korxonalari, iqtisodiyot tarmoqlari, agrar tuzilmalar faoliyati, obodonlashtirish ishlari bilan tanishish asnosida iqtisodiyotni taraqqiy toptirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi daromadini yuksaltirish, qisqacha aytganda, xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan qimmatli fikrlarni bildirdilar, takliflarni ilgari surdilar. Istiqbolli loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdilar.
Davlatimiz rahbarining Andijonga u tashrifidan bu tashrifigacha bo‘lgan oraliq muddatda viloyatimiz qiyofasi sezilarli darajada o‘zgarib borayotganini hisobga olsak, Prezidentimizning bu galgi safari ham har jihatdan foydali, samarali, natijalarga boy bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Ana shu ishonch tufayli bo‘lsa kerak, andijonliklar sha’niga aytgan iliq fikrlari bizni yanada jo‘shib, fidokorona mehnat qilishga, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga undamoqda. Bu, o‘z navbatida, xalqimiz ishonchini oqlash, yutuqlarni qo‘lga kiritish bo‘yicha respublikamizda barcha sohada safning oldida turishga rag‘bat beradi.
Tojibar YULDASHEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
Xo‘jaobod tumanidagi «Shahrixonsoy» MFY raisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring