Odamiylikning yuksak namunasi

14:57 06 Aprel 2022 Jamiyat
791 0

Foto: Халқ сўзи

Qarshi tumanida yashovchi Muqaddas Qodirova hamisha “Bolaning begonasi boʻlmaydi!” deydi. Yigʻlab turgan yoki yiqilib tushgan bola oldidan beeʼtibor oʻtib keta olmaydi. Darrov turgʻazadi, koʻz yoshlarini artib, bagʻriga bosadi, xuddi oʻz bolasiday erkalaydi. “Hali sen shunday katta odam boʻlasanki, el senga havas qiladi”, deydi. Oʻzining besh farzandi ham Muqaddas opadan shunday chiroyli oʻgitlarni eshitib ulgʻaygan. Onaning shirinsoʻzligi, bola tarbiyasi borasida teran qarashlari va tajribasi tufayli besh farzandning hammasi oliy maʼlumotli, asosiysi, yuksak odamiylik xislatlari ila koʻrgan kishining havasini keltiradi.

Yaqinda Muqaddas opa televizorda Toshkent shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oilaviy bolalar uyiga joylashtirilayotgani haqidagi koʻrsatuvni koʻrib, u ham oʻz uyida bolalar uyi ochishni niyat qildi. Unga doimo yelkadosh boʻlib kelgan turmush oʻrtogʻi Sayyod Sobirov ham bu fikrni maʼqulladi. Tegishli idoraga ariza berdilar. Komissiya kelib, uy-joyni, oiladagi muhitni koʻrib, shu xonadonda 10-sonli bolalar uyi tashkil etishga qaror qilishdi.

Muqaddas opaning sevinchi ichiga sigʻmasdi. Oradan bir necha kun oʻtib, bu shinam xonadonga 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 5 nafar bola keldi. Muqaddas opa ularni bagʻriga bosar ekan, koʻz yoshlarini tiya olmasdi. Mehr-muhabbatga tashna bolalar ham ayoldan yotsiramadi, ona quchogʻiga kirib ketishdi. Bu bolalar oilani, onani, aka-ukalarni, qoʻni-qoʻshnilarni, hayotni sogʻinishgan edi. Ularning yuzidagi quvonchni koʻrsangiz...

— Endi oʻnta bolam bor, — deydi M. Qodirova. — Bu bolalar uchun ayni paytda eng muhimi — bu bilim olish. Shuning uchun birinchi galda repetitor yolladik. Qarshi tumani “Xoniyon” MFY hududidagi 7-maktabga oʻqishadi, har kuni darslarini nazorat qilaman. Hasan-Husanim 11-sinfni bitirishadi, Milliy Gvardiya sohasiga qiziqishadi. Jonibek ham yaqinda 18 yoshga toʻladi. U ham bu yil oliy oʻquv yurtiga kirish uchun tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Sherdil 8-sinfda, Saidakbarxon 7-sinfda oʻqiydi. Toʻgʻrisi, ularga shu qadar ipsiz bogʻlanib qoldimki, bir kun koʻrmasam sogʻinib qolaman.

Bir gal eng kichik oʻgʻil Saidakbarxon Muqaddas opa tandirdan non uzib, issiqqina kulchani uzatganida yigʻlab yubordi. Uni harchand ovutishga harakat qilishsada, u yigʻidan toʻxtamas edi. Soʻng bolakay “Nega siz mening onam boʻlmagansiz, nega siz meni dunyoga keltirmagansiz?” deya onaga talpindi. “Nega unday deysan? Onangmanku!” - Muqaddas opa uni bagʻriga bosarkan, boʻgʻziga nimadir tiqildi, yonoqlariga sizib tushgan koʻz yoshlarini shosha-pisha artdi...

Darhaqiqat, Qarshi tumanida ochilgan 10- oilaviy bolalar uyi 5 nafar bolani chin maʼnoda oʻz bagʻriga olgan.

Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi ifodasi boʻlgan bu moʻjazgina oilaviy bolalar uyiga Qarshi tuman hokimligi Bolalarni himoya qilish shuba mudiri Maʼmurjon Abdullayev hamda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Ruyiddin Berdiyev keldilar. Tarbiyalanayotgan bolalar bilan muloqotda boʻlishdi. Ularning oʻy-fikrlari, qiziqishlari borasida suhbatlashildi. Bolalar yashayotgan uy va xonalarning umumiy ahvoli, sanitar-gigiyenik holati toʻliq oʻrganildi.

Zotan, bolalarning yonib turgan nigohlaridagi xotirjamlik va mamnuniyat ularning qanday sharoitda yashayotganidan dalolat berib turardi. Faqat ona mehri, ota gʻamxoʻrligidan bahramand farzandlardagina mana shunday nigohlarni koʻrish mumkin.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер