“Ochlik xuddi bomba kabi xavfli boʻlib qoldi”: Gʻazoda ochlik inqirozi avj olmoqda
Gʻazodagi yordam guruhlari hududda kuzatilayotgan ommaviy ochlikning dahshatli yakunlaridan ogohlantirmoqda. Bu haqida “Al Jazeera” nashri maʼlum qildi.
Gʻazo sogʻliqni saqlash rasmiylarining maʼlum qilishicha, soʻnggi 24 soat ichida qamal ostidagi sektorda kamida 10 nafar falastinlik ochlikdan halok boʻlgan. Bundan tashqari, chorshanba kungi Isroil hujumlari oqibatida kamida 100 nafar falastinlik, jumladan, 34 nafar yordam tarqatish markazlariga borgan mahalliy aholi vakillari qurbon boʻlgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti joriy yilning oʻtgan davri mobaynida toʻyib ovqatlanmaslikdan vafot etganlar orasida besh yoshgacha boʻlgan 21 nafar bola borligini maʼlum qildi. Qoʻshimcha qilinishicha, shu yilning mart, aprel, may oylarida, qariyb 80 kun davomida Gʻazo hududiga hech qanday oziq-ovqat yetkazib berishning imkoni boʻlmagan. Ayni paytda ham hududga oziq-ovqat kiritilishi mahalliy aholi ehtiyojlaridan ancha pastligicha qolmoqda.
Koʻplab xalqaro yordam tarqatish tashkilotlari Gʻazoda ommaviy ocharchilik avj olar ekan hudud chegarasida qolib ketayotgan tonnalab oziq-ovqat, toza suv va tibbiy buyumlarni hududga olib kirishning imkoni yoʻqligi haqida bayon qilishmoqda.
“Ochlik xuddi bomba kabi halokatli boʻlib qoldi. Hududdagi oilalar avvalgidek yetarli darajadagi oziq-ovqat soʻramay qoʻyishdi. Ular qancha boʻlsa ham yegulik olish istagidalar. Gʻazo aholisi ayni vaqtda sekin va ogʻriqli oʻlim girdobiga duchor boʻlmoqda”, — deydi “Al Jazeera” nashri muxbiri Tariq Abu Azzoum.
BMT Jahon oziq-ovqat dasturining favqulodda vaziyatlar boʻyicha direktori Ross Smit xalqaro yordam tashkilotlari Gʻazoda erkin faoliyat yurishi uchun talablar mavjudligini maʼlum qildi. Uning aytishicha, erkin faoliyat yurishi uchun yordam tarqatish punktlari hamda karvonlari yonida qurolli askarlar mavjud boʻlmasligi kerak.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring