Koʻpmillatli xalqimiz azaldan eʼzozlab kelayotgan goʻzal qadriyatlarimiz hamda qardoshlik anʼanalarimiz Mustaqillik yillarida yana-da mustahkamlandi va qadr topdi. 17 millat vakillari hamjihat turmush kechirayotgan Nishon tumanidagi Talimarjon shaharchasi ham bugungi kunda tanib boʻlmas darajada koʻrkamlik kasb etib, obod va goʻzal makonga aylandi. Doʻstlik tutashgan, milliy anʼanalar uchrashgan manzil sifatida eʼtirof etib kelinayotgan bu manzil Oʻzbekiston va Turkmaniston chegarasida joylashgan boʻlib, “Obod shahar” dasturi doirasida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. Shaharchaning Yangi 2021-yil arafasida chiroy ochgani, yana-da goʻzallashgani bu hududda istiqomat qilayotgan 12 ming nafardan ziyod turli millat vakillaridan iborat yurtdoshlarimizni quvontirdi, mamlakatimiz kelajagi va istiqboliga boʻlgan ishonchini yana-da yuksaltirdi.

Bayram va doʻstlik tadbiriga aylangan hayajonli uchrashuvlarda Talimarjon shaharchasidagi qayta rekonstruksiya qilingan Madaniyat saroyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Qashqadaryo viloyati hokimi Z. Mirzayev, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi rahbari Oʻ. Muhammadiyev hamda poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh sanʼatkorlar ishtirok etishdi. Tadbir doirasida xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasi namoyish etildi va turli millat vakillarining folklor ansambllari tomonidan qoʻshiqlar ijro etildi. Nogironligi bor, boquvchisini yoʻqotgan 16 nafar fuqaroga bepul uy ajratilganligini tasdiqlovchi sertifikatlarning topshirilishi ularga bayramona kayfiyat bagʻishladi. Taniqli sanʼatkorlar tomonidan namoyish etilgan madaniy dastur yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi vohaning eng chekka hududlaridan biri sanalgan Talimarjon bugun tanib boʻlmas darajada koʻrkam qiyofa kasb etganligini alohida taʼkidlab, pandemiya xavf solgan sinovli davrda hamjihatlik, doʻstlik va qardoshlik anʼanalarini davom ettirib kelayotgan turli millat vakillaridan iborat Talimarjon shaharchasi ahlini kirib kelayotgan Yangi 2021-yil bilan samimiy muborakbod etdi.
Binobarin, 2019-yilda “Obod shahar” davlat dasturi doirasida boshlangan bunyodkorlik ishlarining samarasi oʻlaroq shaharchada bir qator ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, Davlat xizmatlari markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. «Talimarjon baraka chevar» tikuvchilik korxonasi ham shular jumlasiga kiradi Bu tadbirkorlik subyektida ayni paytda 100 ga yaqin xotin-qiz ustoz-shogird anʼanalariga koʻra faoliyat koʻrsatmoqda.
—Chekka hududlarda bunday korxonalarni koʻproq tashkil etilishi oilaviy nizolar va ayollar oʻrtasida sodir boʻlayotgan turli noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi,-dedi Oʻzbekiston Xalq artisti Zamira Suyunova. – Koʻrib turganingizdek, 100 nafarga yaqin xotin-qiz kasbiga mehr qoʻygan, mehnat qilib daromad topyapti. Albatta, oila toʻkinligi va farovonligiga xizmat qiladi. Toʻkin oilada esa hamjihatlik, oʻzaro hurmat va eʼtibor tuygʻulari bardavom boʻladi.
Oʻz navbatida Talimarjon shaharchasi ahli vakillari ham davlatimiz rahbari tomonidan qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun oʻzlarining minnatdorligini bildirishdi.

“Obod shahar” davlat dasturi doirasida shaharchada 100 ta 2 qavatli aholi turar-joyi toʻliq taʼmirlandi, 22,1 km gaz tarmoqlari(trubalar) tartibga keltirilib, ishlov berildi, 98 ta koʻp qavatli uyning gaz quvurlari qaytadan taʼmirlanib, gaz taʼminoti yoʻlga qoʻyildi. 35/6 kVtli «Talimarjon» nasos stansiyasi mukammal taʼmirlandi, 160 kVtli 1 dona transformator punkti va 9 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari yangidan qurilib, 2019-2020-yillarda 8800 million soʻmlik 32 kilometr ichimlik suv tarmoqlari yangilandi. Shaharchadagi 34- va 4- umumtaʼlim maktab kapital taʼmirlandi. 110 oʻrinli 19-sonli maktabgacha taʼlim muassasasini kapital, 280 oʻrinli 20-sonli maktabgacha taʼlim muassasasini joriy taʼmirlandi. Talimarjon shaharchasidagi 150 qatnovli poliklinikada umumiy qiymati 1574,3 million soʻmlik taʼmirlash ishlari olib borildi. Mustaqillik koʻchasini taʼmirlash uchun 2303 million soʻm mablagʻ sarflangan boʻlsa, obodonlashtirish va muhandislik tarmogʻi qurilishi hamda piyodalar yoʻlagi qurilishining umumiy qiymati 4030 million soʻmni tashkil qildi.
Faxriddin Bozorov,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring