Obodlik va farovonlik sari

15:34 09 Aprel 2026 Jamiyat
267 0

Inson baxtli yashashi uchun koʻp narsa kerak emas. Buning uchun, eng avvalo, xonadonimizda, mahallamizda qulay sharoit boʻlsa kifoya. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar aynan shu ezgu maqsadga yoʻnaltirilgan. Jumladan, Izboskan tumanidagi 61 ta mahalladan sharoiti nisbatan ogʻir boʻlgan 6 tasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish ishlariga kirishildi. Buning uchun har bir mahallaga oʻrtacha 4–5 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

— Bizning “Boʻston” mahallasida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasi” dasturi doirasida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ulugʻbek Askarov. — Unga binoan ajratiladigan 5 milliard soʻm mablagʻning maqsadli sarflanishini taʼminlash maqsadida nuroniylardan iborat kengash tuzildi va ular doimiy nazoratni olib bormoqda. Loyiha doirasida 4,4 kilometr yoʻlni taʼmirlash, 2 ta elektr transformatorini oʻrnatish, 2 kilometr elektr tarmoqlarini yangilash hamda 1 ta ichimlik suvi qudugʻini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha foydalanishga topshirilgach, mahallamiz tumandagi eng obod hududlardan biriga aylanadi.

Shuningdek, tumandagi mahallalarda elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash, ichki yoʻllarni taʼmirlash, taʼlim va tibbiyot muassasalaridagi muammolarga ijobiy yechim topishga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda. Bu kabi amaliy chora-tadbirlar aholiga yanada qulay va munosib hayot sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер