Obodlik koʻngildan boshlanadi
Xonadonimizni, hovlimizni, koʻchalarimizni, arigʻu tomorqalarimizni saranjom tutish xalqimizga xos odat. Hali quyosh yotogʻidan bosh koʻtarmasidan koʻchalarga suv sepib, yer yuzini ochgan kelinchaklarning ibratomuz harakatiyu inson yashamaydigan uylarni-da ozoda saqlash, chang yuqtirmaslik kabi anʼanalarimizda koʻp hikmat bor. Endi tasavvur qiling, uyimizdagi mana shu udum mahallamizga koʻchsa nima boʻladi? Tabiiyki, yurt obod boʻladi!
Andijon viloyatida boʻlib oʻtgan “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” dasturi doirasidagi zarbdor 90 kunlik tadbirida ham mahallalarda obodonlashtirish ishlari tashkil etildi. Jumladan, mavjud 882 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi jami xonadonlarda, koʻchalarda, mehnat jamoalari, qabriston va ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari bajarildi. Qolaversa, ehtiyojmand oilalar xolidan ham xabar olindi. Natijada 40 ming 724 ta oilaga moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatildi. Ulardagi kambagʻallik holatiga barham berish maqsadida 15 ming 383 nafar yurtdoshimiz ishga joylashtirildi.
Raqamlar amalga oshirilgan xayrli ishlar ifodasi, xolos. Muhimi, bu kabi ezgu ishlardan eng avvalo, yurtdoshlarimiz koʻngli koʻtarildi, turmush tarzi yaxshilandi.
— Mahalla faollari koʻmagida tumanimizdagi ishlab chiqarish korxonalaridan biriga ishga joylashdim, — deydi Xoʻjaobod shahrida yashovchi Nilufarxon Madrahimova. — Endi men ham topgan daromadim evaziga ota-onamga yordamlashish imkoniga egaman.
— Obodonlashtirish ishlaridan biz ham chetda qolmadik, — deydi Andijon shahrining A. Fitrat koʻchasidagi 123-koʻp qavatli uyda yashovchi Diloromxon Saydaliyeva. — Amalga oshirgan ishlarimizdan nafaqat, koʻchamiz, eng avvalo, koʻnglimiz obod boʻldi! Koʻngilda neki ezgu amal boʻlsa barchasi roʻyobga chiqadi. Shunday ekan, xalqimizga xos odatlarimizni davom ettirib, farzandlarimizga meros qoldirish bizning burchimizdir.
Aslini olganda, saranjom-sarishtalik har birimizning kundalik vazifamiz. Biroq uni keng koʻlamda bajarish ezgu amallar bardavomligini taʼminlaydi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring