Obyektlarni nogironligi bor shaxslar ehtiyojini inobatga olgan holda barpo etish lozim

14:41 04 Noyabr 2021 Jamiyat
812 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslari” mavzuida seminar oʻtkazildi.

Ushbu tadbir “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunlarda belgilangan qoida va normalarni amaliyotga keng joriy etish, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish, avvalo, qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etadi. Shu nuqtayi nazardan keyingi yillarda qonunchilikka muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ushbu masala huquqiy tomondan toʻliq qamrab olindi.

Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishi, ilm oʻrganishi, kasb tanlashi, hunar oʻrganishi borasidagi huquqlarini amalga oshirish masalasida Mehnat kodeksiga, taʼlim toʻgʻrisidagi qonunga yangi meʼyorlar kiritildi. Bundan tashqari, Shaharsozlik kodeksida nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun, ijtimoiy obyektlarga emin-erkin kirib chiqishi uchun sharoit yaratish masalalari koʻzda tutildi.

Binolarni qurishda, loyihalashtirishda ham nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishini hisobga olish alohida meʼyor sifatida belgilandi. Umuman, nogironligi boʻlgan shaxslarning bilim olishi, hunar oʻrganishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun huquqiy jihatdan sharoit yaratildi. Bu borada davlat tashkilotlarining majburiyatlari aniq belgilab berildi.

Seminarda nogironligi bor shaxslar ehtiyojini inobatga olgan holda obyektlarni barpo etishda eʼtibor berilishi zarur boʻlgan jihatlar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish, transport vositalarining va yoʻl infratuzilmasining qulayligi, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy hayotda ishtirok etishga, dam olishga va sport bilan shugʻullanishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash uchun eʼtibor qaratiladigan jihatlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtildi.

Qizgʻin bahs-munozaralar tarzida oʻtgan tadbirda qonunlar ijrosini amaliyotga soʻzsiz joriy etish, bu bordagi ishlarni hududlarda nazorat-tahlil tartibida oʻrganishlar olib borish belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер