Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining sil kasalligi boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi

13:39 27 Fevral 2023 Dunyo
952 0

Foto: Arxiv surat

BMT Bosh Assambleyasining 24-fevral kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida “Silga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuvning vakolati, oʻtkazish usullari, formati va tashkil etilishi” rezolyutsiyasi bir ovozdan maʼqullandi.

Oʻzbekiston va Polshaning BMTdagi doimiy vakillari ushbu rezolyutsiya matnini kelishish boʻyicha davlatlararo muzokaralar koordinatori sifatida ishtirok etdilar.

Rezolyutsiyada shu yil 22-sentyabr kuni Nyu-Yrk shahrida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasining umumiy munozaralarida silga qarshi kurash boʻyicha oliy darajadagi uchrashuvni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Boʻlajak yuqori darajadagi uchrashuv “Ilm-fan, moliya va innovatsiyalarni rivojlantirish, ularning afzalliklari, global sil kasalligi epidemiyasini imkon qadar tezroq tugatish, xususan, oldini olish, tekshirish, davolash va parvarish xizmatlaridan teng foydalanishni taʼminlash” mavzusini qamrab oladi.

Hujjatda barcha aʼzo davlatlar yigʻilishda eng yuqori, davlat va hukumat rahbarlari darajasida ishtirok etishga chaqiriladi. Tadbirga, shuningdek, parlament aʼzolari, BMTning tegishli idoralari, xalqaro moliya institutlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, ilmiy doiralar, tibbiyot, yoshlar birlashmalari vakillari, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, sil kasalligiga moyil boʻlganlar taklif etiladi. Uchrashuvga tayyorgarlik koʻrish doirasida Nyu-Yorkda aʼzo davlatlarning yuqori darajadagi vakillari, parlament aʼzolari, mahalliy hukumatlar vakillari, BMTning tegishli tuzilmalari, yirik xalqaro donorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati, tibbiyot birlashmalari va xususiy sektor, shuningdek, sil kasalligiga zaif aholi guruhlari, ilmiy doiralar vakillari ishtirokida interfaol eshituvlar ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Silga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuv yakunlari boʻyicha 2030-yilgacha silga qarshi global epidemiyani jadal bartaraf etish boʻyicha aniq maqsadlarni oʻz ichiga olgan Siyosiy deklaratsiya qabul qilinadi.

Oʻzbekiston va Polsha ushbu muhim siyosiy hujjat matnini ishlab chiqish va kelishish uchun davlatlararo muzokaralarni muvofiqlashtiradi.

Umuman olganda, Nyu-Yorkdagi uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni doirasida Oʻzbekiston va Polshaning BMTdagi doimiy vakolatxonalari Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va BMTning boshqa tuzilmalari bilan hamkorlikda sil kasalligi muammosini hal qilish va imkon qadar tezroq silni yoʻq qilish uchun global saʼy-harakatlarni safarbar qilish, dunyo hamjamiyatini bu haqda xabardor qilish maqsadida koʻplab tadbirlar tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki, BMT Bosh Assambleyasining silga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilishi (UNHLM TB 2023) sogʻliqni saqlash sohasidagi davlat, hukumat rahbarlari va vazirlar ishtirokidagi yirik xalqaro tadbir boʻlib, silga qarshi kurashda oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan global vazifalarning strategik maqsadlarini aniqlashga qaratilgan. Ushbu forum 2018-yilda Bosh Assambleyaning birinchi shunga oʻxshash yigʻilishi tashkil etilganidan keyin 5 yil oʻtib oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер