Nuroniylar DXM xodimlaridan minnatdor

08:47 12 Mart 2022 Jamiyat
1337 0

Foto: Халқ сўзи

Faoliyati zamirida xalq ogʻirini yengil qilish, “davlat-fuqaro” munosabatlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni taʼminlash maqsadlari mujassam tuzilma — Davlat xizmatlari markazlari joylarda sayyor qabullarni tashkil etayotgani ayni muddao boʻlmoqda. Ushbu markazlar tomonidan maxsus jihozlangan avtobuslar chekka mahallalarda boʻlib, aholi murojaatlari asosida davlat xizmatlari koʻrsatishi odatiy holga aylandi.

Andijon viloyati Shahrixon tumanida DXM xodimlari keksa yoshdagi otaxon va onaxonlarning yashash uylarida boʻlib, ularni yillar davomida qiynab kelgan muammolarini hal etib berayotgani yanada eʼtiborlidir.

— Oʻzim yashab turgan uyning kadastr hujjatlari yoʻq edi, — deydi Shahrixon tumani Yangi Naynavo mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Joʻraboy ota Mallayev. — Davlat xizmatlari markaziga qoʻngʻiroq qilib, maslahat soʻragan edim, ularning oʻzlari uyimga kirib kelishdi. Avvallari arzimagan bitta hujjat uchun tuman markaziga borishga, kerak boʻlsa, kunlab navbat kutishga toʻgʻri kelgan paytlarni eslayman. Bugun esa davlat idoralari xodimlarining uyimga kelib, bir zumda mushkulimni oson qilishganidan boshim osmonda.

Tumanning Shokirboy nomidagi mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi, 78 yoshli Inoyatxon aya Gʻaniyeva ham tuman DXM xodimlaridan minnatdor.

— Hozir pensiya masalasida yangiliklar koʻpayib ketdi, — deydi onaxon. — Shu boʻyicha Davlat xizmatlari markaziga qoʻngʻiroq qilib, tushunmaganlarimni soʻragan edim, uyimga kelib, batafsil tushuntirishdi. Qanday muammolarim borligini soʻrashdi, beminnat yordam berishdi. Bundan juda xursandman!

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер