“Nurafshon” mahallasida yangi Oʻzbekiston qiyofasi
Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarga baho beradi. Shu bois mahalla tizimini rivojlantirish orqali odamlarga qulay yashash muhitini yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash va shu orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish borasidagi ishlar keyingi yillarda yangi bosqichga olib chiqildi.
— Hozirgi vaqtda qaysidir mahallada yoʻl, qaysi birida suv yoki elektr masalasi, boshqasida bogʻcha, maktab, tibbiyot, yana birida uy-joy bilan bogʻliq masalalarga alohida-alohida yechim berilmoqda. Ochiq aytish kerak, buning oʻzi bilan mahalladagi barcha masalalarni toʻliq hal boʻlib qolmaydi. Shuning uchun kelgusi yildan mahallani rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuv joriy etiladi, — degan edi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida.

Shu kunlarda Toshkent viloyatining bir qancha hududlarida boʻlgani kabi Nurafshon shahrida ham keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, shahardagi “Nurafshon” mahallasidagi amaliy ishlar “Obod mahalla, obod koʻcha, obod xonadon” dasturi doirasida olib borilayotir.
— Ushbu dastur doirasida mahallaga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish koʻzda tutilgan, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Nurafshon shahri boʻlimi rahbari Zulfiya Maxsudova. — Bunda mahallaga kirish qismida hudud nomi aks etgan zamonaviy arka oʻrnatish, hududdagi ariqlarni maxsus texnikalar yordamida tozalanib, ularni beton qoplama bilan mustahkamlash kabi qurilish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Olib borilayotgan oʻzgarishlar doirasida bunday obodlik tadbirlariga mahalla aholisini ham jalb qilish orqali hasharlarni muntazam ravishda tashkil etish, shuningdek, aholi xonadonlaridagi tomorqalardan unumli foydalanish yuzasidan targʻibot ishlarini kuchaytirish va kengaytirish ham moʻljallangan. Bundan tashqari, “Nurafshon” mahallasidagi daraxtlarga agrotexnik ishlov berilib, oqlash ishlari amalga oshirilmoqda hamda yashil hududlar chiqindilardan tozalanmoqda.

Bu mahallada aholi xavfsizligini taʼminlash uchun uzoq yillardan buyon foydalanilmay kelayotgan, avariya holatidagi beton ustun va simyogʻochlar maxsus texnikalar jalb qilingan holda demontaj qilinib, hududdan olib chiqib ketilmoqda. Bu mahallada joylashgan va shu kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi oilaviy poliklinika hududida ham keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur saʼy-harakatlar hudud infratuzilmasini yanada yaxshilash, mahallaga yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish hamda aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish uchun xizmat qilmoqda.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring