Nukusda harbiy xizmatchilarga yangi uylar berildi

11:25 08 Yanvar 2021 Jamiyat
1813 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun yangi uylar foydalanishga topshirildi.

Yangi xonadon kalitlarini baxtli oilalarga topshirish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni Farhodjon Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Yernazar Atashov, Nukus garnizoni harbiy prokuraturasi rahbariyati, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Nukus garnizonidagi “Vatanparvar” mahallasida bunyod etilgan 30 xonadondan iborat 5 qavatli 2 va 3 xonadan iborat boʻlgan shinam, barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi uylar Vatan himoyachilariga oʻzgacha bayram tuhfasi boʻlgani eʼtirof etildi. Shuningdek, oxirgi 3 yilda birgina Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda 400 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 8 ta uy qurilgani taʼkidlandi.

— Oʻn sakkiz yildan buyon Qurolli kuchlar safida xizmat qilib kelmoqdaman, — deydi Jenisbay Yelmuratov. – Mana bugun bayram arafasida yangidan qurilgan, barcha sharoitlarga ega boʻlgan uylarning biri bizning oilamizga ham berilmoqda. Harbiylar oilasi uchun koʻrsatilayotgan bu gʻamxoʻrlik va yaratilayotgan sharoitlar uchun Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoniga avvalo, oilam va harbiy xizmatchilar nomidan minnatdorlik bildiraman.

— Harbiy xizmatchilar yurtimizning barcha hududlarida, kunning istalgan paytida vatanimiz sarhadlarini himoya qilishga tayyor turmogʻi lozim, - deydi Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi Nukus gornizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi orkestori rahbari Aqilbek Qorazbekov. – Shu bilan birga hirbiy xizmatchi oʻzining oilasidan koʻngli tinch, xotirjam ham boʻlishi kerak, albatta. Men ham oʻtgan yillar davomida Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida xizmat qilganman. Ana shunday paytlarda shinamgina uyda, oilamiz, farzandlarimiz bilan birga yashashni orzu qilardik. Mana bugun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilgan yangi uylarga ega boʻlmoqdamiz. Harbiylar oilasi uchun yaratilayotgan bu sharoitlar uchun minnatdorlik bildiraman.

Maʼlumot uchun: Yaqinda, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Harbiy-maʼmuriy sektori bilan hamkorlikda “Nukus” poligoni infratuzilmasi takomillashtirilib, foydalanishga topshirilgan edi.

Gʻ.Otajonov,
“Xalq soʻzi”



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер