Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sport musobaqalar boshlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol, mini futbol hamda stol tennisi turlari boʻyicha fakultetlar kesimida musobaqalarga start berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida yoshlarni, xususan institut talabalarini sport tadbirlariga keng miqyosda jalb qilish, ular oʻrtasida musobaqalar tashkil etish belgilangan.

— Institutimizda musobaqalarni tashkil qilish va oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrildi, — deydi Nukus davlat pedagogika instituti sport klubi raisining oʻrinbosari Atabay Yerejepov. – Jismoniy madaniyat fakultetining tajribali oʻqituvchilaridan iborat tashkiliy qoʻmita hamda hakamlar hayʼati aʼzolari musobaqalarni yuqori darajada oʻtkazish uchun bor imkoniyatlarini safarbar etishmoqda. Talabalarning jismoniy faolligi darajasini oshirish, institutdagi sport seksiyalari hamda toʻgaraklari faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida oʻtkazilayotgan musobaqalarda yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Musobaqalar talaba-qizlar oʻrtasida voleybol, erkaklar oʻrtasida mini futbol, shuningdek, erkaklar va qizlar oʻrtasida stol tennisi sport turlaridan oʻtkazilmoqda.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring