Notoʻgʻri hisoblangan soliq summasi tadbirkorga qaytarildi
Foto: Illustrativ surat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili – biznes ombudsmanga Namangan shahrida faoliyat yurituvchi “Trade R” MCHJ (nomi oʻzgartirilgan) rahbaridan murojaat kelib tushdi. Unda Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasining 2022 yil 10-avgustdagi qarori bilan MCHJga nisbatan hisoblangan 97 million soʻm miqdordagi soliq sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan boʻlsada, xoʻjalik yurituvchi subyekt hisob-raqamiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomasi hanuzgacha olib tashlanmagani, aksincha, pul mablagʻlari yechib olinganidan norozilik ifodalangan edi.
Ushbu murojaatni oʻrganish xulosasiga koʻra, Namangan viloyat DSB tomonidan oʻtkazilgan kameral tekshiruv natijalariga asosan hisoblangan yuqoridagi qoʻshimcha qiymat soligʻi haqidagi qaror haqiqatan ham sud tomonidan bekor qilingan ekan. Lekin Namangan tumanlararo maʼmuriy sudining oʻtgan yil 30-avgustda ayni masalada chiqargan hal qiluv qarorining asosiy bandlari bajarilmagan.
Biznes ombudsman soliq idorasi tomonidan tadbirkor huquq va manfaatining buzilishi bilan bogʻliq ushbu holatga jiddiy munosabat bildirganidan soʻng masalaga nuqta qoʻyildi. Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkor hisob raqamiga kiritilgan qoʻshimcha toʻlov hisobdan chiqarilib, orada ushlab qolingan 70 million soʻm mablagʻ MCHJga qaytarildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring