Notariat sohasida xalqaro anjuman
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida Xalqaro notariuslar ittifoqi Osiyo ishlari boʻyicha komissiyasining 14-Yalpi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda 30 dan ziyod davlatlar notariat tizimlaridan 300 nafar vakillar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi, Xalqaro notariuslar ittifoqi Osiyo ishlari boʻyicha komissiyasi prezidenti Dilshod Ashurov hamda Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lionel Galliyez soʻzga chiqdi.
— Osiyo iqtisodiy taraqqiy etib borayotgan hudud hisoblanadi, — dedi L.Galliyez. — Davlatlar rivojlangani sayin notarius kasbi ham takomillashib boradi. Bunday vaziyatda notarial tizimlarning birlashishi, raqamlashtirishning ahamiyati katta. Shuningdek, notariat tizimlari hujjatlarning maxfiyligi, murojaatchilarning shaxsiy maʼlumotlari saqlanishi, qogʻozdagi, elektron notarial harakatlarning haqiqiyligi ham muhim.
Darhaqiqat, mamlakatimizda notariat sohasidagi islohotlar, avvalambor, inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Notarial palatasi 2021-yil 3-dekabrda Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzosi sifatida qabul qilindi.
Yurtimizda notariat sohasi nafaqat xorijiy tajriba asosida takomillashmoqda, balki koʻplab davlatlar uchun andoza olish mumkin boʻlgan namunali tizim sifatida shakllandi.
Osiyo ishlari boʻyicha komissiyaning 14-Yalpi yigʻilishida ish rejaning ijrosi, 2024-yil uchun moliyaviy hisobot, Osiyo mintaqasidan davlatlarni Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzolikka qabul qilish kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Yigʻilish kun tartibiga kiritilgan “Notariat sohasini raqamlashtirishni takomillashtirishda xorijiy amaliyotlar” mavzusi yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek, yigʻilishda Osiyo ishlari boʻyicha komissiyaning 2025-yil uchun prezidentligiga Moʻgʻuliston notarial palatasi prezidenti Bayandjargal Chandrabaal saylandi.
Anjuman yakunida B.Chandrabaal soʻzga chiqdi va kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Nomzodini qoʻllab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildirdi.
11-sentyabrda “Merosni rasmiylashtirishning oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi. Bunda merosni rasmiylashtirish boʻyicha xalqaro tajriba oʻrganiladi. Mavjud muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring