Norin viloyati delegatsiyasi Fargʻona viloyatiga tashrif buyurdi

16:27 18 Mart 2021 Siyosat
1691 0

Shu yilning 11-12-mart kunlari Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston — Qirgʻiziston sherikligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta tarixiy hujjat imzolandi. Muzokaralar jarayonida hududlararo hamkorlikni yana-da faollashtirish hamda chegaraoldi viloyatlarni kompleks rivojlantirish masalalari ham keng muhokama qilindi.

Belgilangan rejalar ijrosini taʼminlash maqsadida 17-19-mart kunlari Qirgʻizistonning Norin viloyati delegatsiyasining Fargʻona viloyatiga tashrifi amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida kecha soʻlim Vodilda joylashgan viloyat hokimligi “Qabullar uyi”da ikki viloyat rasmiy delegatsiyasi ishtirokida yuzma-yuz muloqot oʻtkazildi.

Uchrashuvda Fargʻona viloyatining sanoat, qishloq xoʻjaligi, savdo, qurilish va xizmat koʻrsatish singari istiqbolli tarmoqlari jadal rivojlanayotgani eʼtirof etilib, tekstil va toʻqimachilik, energetika, neft-kimyo sohalarining yuksak salohiyati xususida batafsil maʼlumot berildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm va taʼlim sohalarida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Ayni paytda viloyatimizda Qirgʻiziston sarmoyasi ishtirokida 30 ta qoʻshma korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 2020-yilda Fargʻona viloyati va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida import-eksport hajmi qariyb 160 million AQSH dollarini tashkil etdi. Hozirda viloyatimizda qirgʻizistonlik tadbirkorlar tomonidan tekstil, qishloq xoʻjaligi va qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishida 36,6 million AQSH dollari qiymatidagi 6 ta yangi loyihalar hayotga tatbiq etilyapti.

— Ammo bu raqamlar qoniqarli emas,-dedi Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Boisi mavjud imkoniyatlar mazkur natijani bir necha marotaba yaxshilash mumkinligini koʻrsatmoqda.

Samimiy muloqotda Norin viloyati gubernatori Sobirqul Ashimbetov yaqin istiqbolda hamkorlik koʻlami bir necha marotaba oshishiga ishonch bildirib, oʻzaro ishonchli va hamfikrlikka asoslangan doʻstona aloqalarni hududlar kesimida rivojlantirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Uchrashuvda viloyatning Fargʻona, Quva, Toshloq, Oltiariq tumanlari hamda Quvasoy va Margʻilon shaharlari bilan Norin viloyati tumanlari hokimlari oʻzaro birodarlashgan tumanlar sifatida muzokaralar olib bordilar.

Tashrif rejasiga koʻra, Norin viloyati delegatsiyasi kecha Fargʻona, Toshloq va Quva tumanlari hamda Margʻilon va Quvasoy shahrida yangi sanoat korxonalari, milliy hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ikki viloyat tumanlari rahbarlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

***
Norin viloyati delegatsiyasi tashrifi doirasida 19-mart kuni Fargʻona shahrida ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida Biznes-forum oʻtkazilishi hamda viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, mehmonlar uchun Oltiariq tumanida zamonaviy muzlatgichli omborxonalar va uzum bogʻlari, Rishton tumanidagi Kulolchilik markazi boʻylab maroqli sayohat uyushtirish ham koʻzda tutilgan.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер