“Nol”dan ham tadbirkor, ham xalq foyda koʻradi

11:30 02 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
1274 0

Rivoyatga koʻra, zamonasining boy va saxiy kishisi yordam sifatida, ikki kambagʻalga ming tillodan beribdi va “Bu mablagʻ sizlarni nochorlikdan xalos etadi” debdi. Oradan bir necha yil oʻtib, badavlat kishi ularning holidan xabar olibdi. Koʻribdiki, ehson berganlaridan birining ishlari yurishibdi, ham ustaxonali, ham doʻkondor boʻlib, boylar qatoriga qoʻshilibdi. Ikkinchisi esa, afsuski kambagʻalligicha qolibdi. Negaki, ming tangani yuz ming tanga qilish oʻrniga bor pulni maʼlum vaqtlik dabdaba, toʻkin hayot uchun sarflab yuboribdi. Alqissa, berilgan imkoniyatdan tadbirli foydalangan borki, albatta farovonlikka erishadi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda boʻsh turgan bino va inshootlarni investitsiya kiritish majburiyati bilan juda qulay shartlarda tadbirkorlarga berilishi rivoyat emas, hayotiy haqiqatdir. Eʼtiborlisi, ushbu imkoniyat faqat tadbirkor va uning oilasinigina emas, yuzlab, minglab kishilarni boy qilishga, hududlar ijtimoiy –iqtisodiy salohiyatining oshishiga xizmat qiladi. Taʼbir joiz boʻlsa, “nol” qiymatdagi bino ham tadbirkorga, ham aholiga foyda keltiradi.

Xususan, bu Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan mediatur asnosida ham oʻz aksini topdi. Masalan, “Zinnur” bundan bir necha yil burun ijarada turgan kichik bir tadbirkorlik subyekti edi. Endi esa u bir emas, bir necha ishlab chiqarish liniyalariga ega yirik birlashma. Bunday rivojga, avvalo, tadbirli ish yuritish bosh omil boʻldi. Korxonaning har jihatdan istiqbolli, keng-moʻl oʻz ishlab chiqarish maydoniga ega boʻlganligi esa puxta oʻylangan biznes-rejaning kutilganidan ham aʼlo amalga oshishini taʼminladi. Binobarin, Guliston shahridagi 2,3 gektar sathli boʻsh bino 14,5 milliard soʻm investitsiya kiritish sharti bilan tenderda yutib olinganida “Zinnur” jamoasi atigi 20 nafar xodimdan iborat edi. Shartda 160 ta ish oʻrni yaratish belgilangandi. Birlashma ikkala vazifani ham ortigʻi bilan bajardi. Yaʼni bugungi kunda ishchi –xodimlar soni 185 nafarga yetib, kiritilgan investitsiya 37 milliard soʻmni tashkil qilmoqda.

— Hozir poyabzal — krossovka, kiyim-kechak, lok-buyoq singari koʻp tarmoqli ishlab chiqarishga egamiz, — deydi birlashma rahbari Nosirjon Egamberdiyev. — Barcha mahsulotlarimizga talab yuqori. Bu, qulay ishlab chiqarish maydoniga egaligimiz hamda texnologik yangilanishlarga alohida eʼtibor qaratish samarasi, albatta. Masalan, 1,5 million AQSH dollariga yangi poyabzal tayyorlash uskunalari olganimiz tufayli bir necha koʻrsatkichlarimizni yaxshilab oldik. Mahsulot ishlab chiqarish toʻliq mahalliylashtirildi, yuqori sifatga erishildi, tannarx arzonlashdi, poyabzal tayyorlash quvvati oshdi.

Tadbirkor ayol Gulchehra Jonjigitova rahbarligidagi “Nozigul- Sardor-Oqoltin” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham “nol” qiymatda olingan bino-inshootlar uchun belgilangan investitsiya majburiyatlarini bajarishda namuna koʻrsatayotgan subyektlardan biri. Jamiyatning Yangiyer, Guliston shaharlarida bir necha xususiy klinikalari faoliyat koʻrsatmoqda. Yaqinda ushbu tarmoqqa Boyovut tumanidagi bekor turgan binoda ish boshlaydigan yangi tibbiyot muassasasi ham qoʻshiladi.

Mediaturda tadbirkorlarga topshirilgan yana bir necha obyektlarda amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishildi. Shu bilan birga, investitsiya majburiyatlari bajarilishining kechikishi, boʻsh turgan binolarning sotilmay turishi, pandemiya sharoitida investorlar faoliyatida yuzaga kelayotgan moliya –kredit masalalaridagi muammolar ham oʻrganildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boshqarmalari faoliyatida, yaʼni boʻsh turgan bino-inshootlarni ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikni taʼminlagan holda eng salohiyatli tadbirkorlar ixtiyoriga berish borasidagi islohotlar boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi.

Ahmadali SHERNAZAROV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер