«NKMK» AJda Mahalliylashtirish dasturi asosida 1,5 mingga yaqin yangi mahsulot turlari oʻzlashtirildi

18:44 20 Dekabr 2022 Jamiyat
902 0

Foto: Xalq so‘zi

60 yillik yubileyiga hozirlik koʻrayotgan Navoiy mashinasozlik zavodi dastlab taʼmirlash mexanika sexi sifatida ish boshlagan. Oʻtgan yillar davomida ushbu korxona keyinchalik oʻz faoliyatini kengaytirib, nainki “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ tizimidagi korxonalar ehtiyoji uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi, balki ming-minglab turdagi mahsulot, buyurtma asosida istalgan mexanizmni tayyorlash salohiyatiga ega yirik mashinasozlik zavodiga aylandi.

Bugun hududdagi «NKMK» AJ, “Navoiyuran” DK kabi yirik sanoat korxonalarining faoliyati barqarorligini Navoiy mashinasozlik zavodisiz tasavvur etish mushkul. «NKMK» AJning ochiqlik siyosati uning tizimidagi Navoiy mashinasozlik zavodida OAV vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazish imkonini berdi.

Matbuot anjumani Mahalliylashtirish dasturi ijrosi boʻyicha kombinatda olib borilayotgan ishlar, qoʻlga kiritilgan natijalar va istiqboldagi rejalar mavzusida boʻlib, «NKMK» AJning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktori Xolmamat Raupov kun tartibidagi masala mazmun-mohiyatiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi.

Taʼkidlanishicha, mahalliylashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan dasturlar, yoʻl xaritalari hisobiga kombinatda yangi mahsulot turlarini oʻzlashtirish, kooperatsion aloqalar geografiyasini kengaytirish yildan-yilga rivoj topib, soʻnggi yillarda 160 dan ortiq loyiha doirasida 1,5 mingga yaqin yangi mahsulot turlari oʻzlashtirilgan. Natijada 400 million AQSH dollaridan ortiq valyuta iqtisod qilishga erishilgan.

Tadbirda «NKMK» AJ Xaridlarni tashkil etish va metodologiyasini takomillashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi M. Amonov, Mahalliylashtirish dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish boʻlimi boshligʻi U. Sanaqulov, Navoiy mashinasozlik zavodi direktori J. Hayitov sanoat kooperatsiyasi doirasida joriy yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 4,8 trln. soʻmlik mahsulot xarid qilingani, bu kombinat tashabbusi bilan respublikada birinchi boʻlib import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha “Shatakka olish” mexanizmi joriy etilishi ekanligini taʼkidladilar.

— «Gidro Stanko Servis» MCHJ, «Navpromlitmash» MCHJ, «Aziya gormash» MCHJ QK, «Karmana sharqona invest» MCHJ, «Latem metall» MCHJ va boshqa shu kabi korxonalar bilan samarali hamkorlik izchil davom etmoqda. – deydi U. Sanaqulov. — Umuman, nihoyasiga yetayotgan yilda 167 ta loyiha doirasida 550 mlrd. soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishga erishildi. Yil yakuniga qadar kooperatsiyani kengaytirish evaziga importni qisqartirish maqsadli koʻrsatkichlari 55,7 mln. dollarga ekvivalentiga yetkaziladi.

Anjumanda yil davomida oʻtkazilgan hududiy yarmarkalar doirasida jami 2,7 trln. soʻmlik 2 ming 321 ta shartnoma imzolanib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliy korxonalarda oʻzlashtirish va kooperatsiya aloqalari asosida xarid qilish boʻyicha ishlar olib borilayotgani aniq raqam va misollar bilan sharhlab berildi. Xususan, Navoiy mashinasozlik zavodi quvvatining kengaytirilishi hisobiga shu yilning oʻzida yirik hajmli sharli tegirmonlar, yangi turdagi nasoslar, dastgohlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgani eʼtirof etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер