Niyati buzuqning borar yeri tayin
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Abdurahmon sifatli parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ishlayotgan Fazliddinning eski odati qoʻzidi. Birovni aldash, odamlar ishonchini suiisteʼmol qilish hadisini olgan yigit korxona rahbarining huzuriga jabrdiyda qiyofasida kirdi. Boshiga katta tashvish tushganini, farzandi kasal boʻlib qolganligini, uni davolagani falon pul zarurligini aytib, dardu hol qildi.
Rahbar ham odam. Unga ishondi. Qaytarish sharti bilan 6 million 500 ming soʻm berdi.
Oradan oylar oʻtdi. Fazliddin qarzini qaytarishni xayoliga ham keltirmadi. Vaholanki, “Farzandim kasal boʻlib qoldi”, degani gʻirt yolgʻon edi.
Bu kimsaning firibgarlikdan tashqari oʻgʻrilik qilish odati ham bor ekan. Bir gal korxona darvozasi oldida rahbarning “Damas” rusumli avtomashinasi eshigi ochiq holda qarovsiz turganini koʻrdi. Qarasa, mashina ichida bir dasta pul turibdi. Fazliddinning niyati buzildi – pulni oʻmardi. Kimsasiz joyga borib sanadi: mashinadagi pul naqd 20 million soʻm ekan. Shundan soʻng korxonada qorasini koʻrsatmay qoʻydi.
Oʻgʻri ishni imi-jimida bitirdim, deb oʻylagandi, albatta. Ammo tegishli organlar tomonidan olib borilgan surishtiruvlardan soʻng firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlarini sodir etgan Fazliddinning qilmishi fosh boʻldi. U sudlandi.
F.Ergashevga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asossan uzil-kesil 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni maxsus-tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi.
J. TOJIYEV,
jinoyat ishlari boʻyicha
Buxoro shahar sudi sudyasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring