Niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmasa, nima uchun bizda niqob taqish shart? — dolzarb savollarga aniq javoblar berildi
AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova aholidan tushgan savollarga javob qaytardi.
Savol: Niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmasa, nima uchun bizda niqob taqish shart?
Javob: Ha, niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmaydi. Biroq koronavirus infeksiyasi tashuvchisi niqobdan foydalanganida, uning virusni boshqa odamga yuqtirish ehtimoli bir necha martaga kamayadi. Shuning uchun niqoblar mabodo siz simptomsiz, koronavirus infeksiyasining tashuvchisi boʻlsangiz hamda oʻzingiz bundan bexabar boʻlsangiz, virusni boshqalarga yuqtirish ehtimolini keskin kamaytirish uchun kerak.
COVID-19ni jilovlashning boshqa choralari, jumladan ijtimoiy masofa ham bu qadar katta foyda bermaydi. Tadqiqotchilar fikricha, niqob taqish koʻrsatkichi 85 foizni tashkil etsa, 95 mingdan ziyod kishining hayoti saqlab qolinadi.Niqoblar SARS-CoV-2 kabi respirator viruslar yuqishining oldini oladi va COVID-19 tarqalishiga toʻsqinlik qiladi.
Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorlashmaguncha niqob taqish shart.
Savol: Farzandim 3 yoshda. Juda koʻp kasal boʻladi. Bola organizmni chiniqtirish uchun nima qilishim kerak?
Javob: Birinchi navbatda bolani shifokor-pediatr koʻrigidan oʻtkazib turish lozim. Uning umumiy ahvoliga qarab, maxsus tibbiy analizlarni topshirish talab etiladi. Misol uchun qon tahlili, peshob va axlat analizini topshirish shart. Bundan maqsad bolaning ichki aʼzolarida yuz berayotgan oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlashdan iboratdir.
Bolalar orasida koʻp uchrab turadigan gijja va uning boshqa turlari immun tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari qon tarkibidagi turli infeksiya qoʻzgʻatuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buni aniqlamay turib, bolaga toʻgʻri davolash usulini qoʻllash qiyin. Shuningdek, bola salomatligini mustahkamlash uchun uning kundalik taomnomasiga toʻyimli va kaloriyaga boy mahsulotlardan qoʻshish maqsadga muvofiqdir. Goʻshtli va sabzavotli ovqatlar, mevalar, dengiz mahsulotlari, tuxum, vitaminlarga boy tabiiy sharbatlar va sut mahsulotlari bolaning kundalik taomnomasida boʻlishi zarur. Suv, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda muhim omil hisoblanadi.
Savol: Endi test natijalarini joylarga borib oʻtirmasdan olishimiz mumkinligi xaqida xabarlar eshtdik, bu rostmi?
Javob: Rost. “COVID-19” uchun PZR testi natijalarini tezda olinishini taʼminlash maqsadida @coronavirustest_testingbot maxsus Telegram-bot yaratildi. Endi, “COVID-19”ga PZR testi topshirgan fuqarolar uylaridan chiqmagan holda test natijalarini bilib olishlari mumkin.
Hozirda koronavirus-test.uz axborot tizimiga quyidagi 40 ta laboratoriya ulangan boʻlib, ularda “COVID-19”ni aniqlash uchun topshirilgan PZR testlari natijalarini @coronavirustest_testingbot Telegram-boti orqali bilish mumkin.
Savol: Men koronavirusdan tuzaldim va oʻzimni yaxshi his qilyapman. Qachon yana hid va taʼm bilishni boshlayman? Koʻpchilik tanishlarimda shunday muammo kuzatilyapti.
Javob: Hid va taʼm bilish xususiyati qachon qaytishi borasida aniq javob yoʻq. Bu hammada har xil kechuvchi jarayon. COVID-19da virus asab tizimi, jumladan, uning hid va taʼm bilishga javob beruvchi qismiga taʼsir qiladi.
Baʼzi bemorlarda hid va taʼm hissi juda tez qaytadi, baʼzilarda esa tuzalishdan bir necha oy oʻtib ham qaytgani yoʻq. Bundan tashqari ayrim bemorlar noxush hid va taʼmlarning paydo boʻlganini bildirishmoqda. Shunday ekan, shikastlangan asab hujayralari tiklangunga qadar kutish lozim.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring