Nikolay poshsho Usta Abdugʻafurga qanday sovgʻa bergandi? Yoxud jumbogʻli shishalar haqida

10:45 12 Mart 2021 Jamiyat
1542 0

Buxoro shahridagi F. Xoʻjayev uy-muzeyida boʻlgan kishining eʼtiborini tortadigan eksponatlar koʻp. Osori atiqalar orasida bir-biriga quyib qoʻygandek oʻxshash ikki shisha idish va ular ichiga tushirilgan gʻaroyib gulzor tasviri alohida ajralib turadi.

Uni “chorpoya ustidagi gulzor” ham deyish mumkin.Chunki shisha idish ichida moʻjazgina chorpoya bor. Gulzor uning ustida qad rostlagan.

— Mutaxassislar mashrafa deb atagan bu shisha idish ichiga usta qanday qilib chorpoya va gulzorni joylashtirgani koʻpchilik uchun jumboq, — deydi muzey xodimi Dilnavoz Boltayeva.

Tabiiyki, bu moʻjizaning ijodkori kim, u qayerdan olib kelingan, degan savollar tugʻiladi. Birinchi savolga mashrafaning koʻksiga yopishtirilgan yorliqdan javob topish mumkin. Unda arab yozuvida bitik bor. Tarjima qilinganda “Bu Faqir Muhammadning ishi. Peshovar.1322 hijriy yili...” yozuvini oʻqish mumkin. Binobarin, mashrafa 1890-yilda pokistonlik hunarmand tomonidan ijod qilingan.

Ikkinchi savolning javobi esa bevosita Sitorai Mohi Xossadagi yangi saroy qurilishiga borib taqaladi. Gap shundaki, Buxoro amiri Sayyid Olimxon bir guruh quruvchi-meʼmorlarni boʻlgʻusi saroy loyihasini tayyorlash maqsadida Sankt-Peterburgga joʻnatgan. Ularga Usta Abdugʻafur boshchilik qilgan.

— Usta Abdugʻafur Sankt-Peterburgdan Buxoro shahriga saroyning yangi loyihasi hamda sovgʻa-salomlar bilan qaytgan, — deydi taniqli muzeyshunos olim, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Qoryogʻdi Jumayev. — Bu sovgʻalar orasida ichida atirgul tushirilgan arabiy yozuvli uchta mashrafa — shisha idish boʻlgan. Shularning bir juftini usta hukmdorga sovgʻa qilgan, bittasini esa esdalik sifatida xonadonida qoldirgan.

Buni qarangki, “shishadagi moʻjiza” deya taʼrif berilgan mashrafaning uchinchisi ham saqlanib qolgan ekan. U Gʻijduvon shahridagi Nodirabegim mahalla fuqarolar yigʻini Yusuf Hamadoniy koʻchasida istiqomat qiluvchi Abdurahmon Toʻxtayev xonadonida koʻz qorachigʻidek asrab kelinmoqda.

— Bobom Abdugʻafur miroxur, yaʼni ustaboshi maqomida Sitorai Mohi Xossada ishlagan, — deydi 77 yoshni qarshilagan Abdurahmon ota. —Ustalarga bosh boʻlib Sankt-Peterburgga borgan. Amir Olimxonning maktabdoshi Nikolay poshsho bilan uchrashgan. Nikolay poshsho unga mana shu mashrafani sovgʻa qilgan.

— Bobokalonimiz Sankt-Peterburg safaridan «Zinger» rusumli tikuv mashinkasi ham olib qaytganlar, — deydi Abdurahmon otaning farzandi Bobirjon Toʻxtayev. — Biz bu tarixiy osori atiqalarni tabarruk bilib, uyimiz toʻrida asrab kelyapmiz.

Mashrafaga kelsak, fikrimizcha, mutaxassislar uni atroflicha oʻrganishlari kerak.Negaki, Sharqda xalq amaliy sanʼati ustalari odatda, ranglar, gullar va boshqa vositalar orqali oʻz asarlari magʻziga ramziy maʼnolarni singdirishgan.Shisha ichidagi moʻjaz chorpoya va uning ustidagi gulzor tasvirida qanday maʼnolar mujassamligi koʻpchilikni, jumladan, sayyohlarni ham qiziqtirishi tabiiy.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер