Nega yoshlar oʻrtasida ajrimlar soni ortmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi hamda Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya tomonidan eshituv oʻtkazildi.
Unda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari R. Turdiboyevaning “Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va oila muqaddasligi gʻoyalarini keng targʻib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olish toʻgʻrisida”gi axboroti tinglandi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda azaldan oila muqaddas qoʻrgʻon sifatida eʼzozlangan. Har qaysi millatning oʻziga xos maʼnaviyatini shakllantirish va yuksaltirishda shubhasiz, oilaning oʻrni beqiyos. Asosiy qonunimizda ham oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Ammo soʻnggi paytlarda qizlarni erta turmushga berish, ularning orzulari, intilishlari bilan qiziqmaslik tufayli oilaviy ajrimlar soni ortmoqda. Achinarlisi, yoshlarni oilaga tayyorlash, masʼuliyatni oʻrgatish oʻrniga dabdabaga, mol dunyoga oʻchlik, shov-shuvlarga intilish holatlari oilalar mustahkamligini taʼminlashda salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda oilalar soni 9 503 244 ta boʻlib, undan 30 yoshgacha boʻlgan yosh oilalar soni 2 886 296 tani,birgina joriy yilning oktyabr oyi yakuniga koʻra esa yangi rasmiylashtirilgan nikohlar soni 214 923 tani tashkil etmoqda.
Lekin 2022-yilning yanvar-oktyabr oylarida 40 200 ta oilaviy ajrimlar qayd etilgan. Oila qurganiga 5 yil toʻlmagan oilalar oʻrtasidagi ajrimlar esa 17 628 tani tashkil etadi.
Eshituv davomida deputatlar qoʻmita tomonidan oilaviy ajrimlar oldini olish, qizlarni erta turmushga uzatish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi.
R.Turdiboyevaning aytishicha, nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajrimlarni oldini olish maqsadida 60 580 nafar nikohlanuvchi shaxslar Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida oʻqitilgan. “Farovon oila kelajak poydevori” shiori ostida oilalarni mustahkamlash borasida 109 594 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan. Eng muhimi, 12 710 nafar noqonuniy nikoh asosida yashab kelayotgan oilalarning nikohi qonuniy rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, nizoli oilalar bilan individual ishlash mexanizmini joriy etish boʻyicha mahallalardagi xotin-qizlar faollari uchun “Nizoli oilalar bilan ishlash individual daftari” amaliyotga tatbiq etilib, ushbu mexanizm orqali ajrim yoqasiga kelib qolgan 23 804 nafar nizoli oilalar barqarorlashtirilgan.
Axborotda keltirilganidek, erta nikoh, erta tugʻruqni oldini olish borasida ham salmoqli ishlar qilingan. Xususan, erta nikoh, erta tugʻruq va istalmagan homiladorlikni oldini olish boʻyicha 33 509 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda taʼlim muassasalarida “Qizlarjon klubi” bilan qizlarning reproduktiv salomatligi, sogʻlom turmush tarzi boʻyicha volontyor qizlarni tayyorlab tengdosh – tengdoshga tamoyili asosida targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Deputatlar qoʻmita tomonidan oilalar mustahkamligini taʼminlash, qadriyatlarni targʻib qilish va ajrimlarni oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga qaramay, yoshlar oʻrtasida ajrimlar soni kamaymayotganini qayd etdi.
Bu borada mahallalarda xotin-qizlar faoli fuqarolar bilan koʻproq ishlashi, tushuntirish ishlarini olib borishi va jamoatchilik nazorati institutini ayni yoʻnalishda kuchaytirish samarali natija berishi taʼkidlandi. Mazkur yoʻnalishda olib borilgan ishlar koʻlami kamligi, tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi aytilib, qoʻmitaning faoliyati tanqidiy baholandi.
Eshituv davomida quyi boʻgʻinda targʻibotni kuchaytirish, faqat qizlarni emas yigitlarni ham oilaga tayyorlash boʻyicha dasturlar ishlab chiqish, eng asosiysi yoshlarni oʻqitish, maʼlumotli qilish, kasb-hunarli qilib keyin turmushga uzatish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi. Faoliyatda samaradorlikka erishish uchun birlashish va muammolar uchun birga kurashish lozimligi taʼkidlandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring