Nega uyingizning kadastr hujjati yoʻq?!.
Xoʻsh, nega hamyurtlarimiz oʻn yillar mobaynida yashab kelayotgan xonadonining kadastr hujjatini qildirishga unchalik qiziqmaydi?
Bu borada ana shunday toifadagi hamyurtlarimizga murojaat qilsangiz, ortiqcha rasmiyatchilik va xarajatlar ogʻirlik qilishini taʼkidlashadi. Ayni paytda Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida 24 ming 314 ta uy-joylar mavjud. Bugungi kunga qadar 10 ming 609 ta xonadonning kadastr hujjati rasmiylashtirilgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Demak, salkam 14 mingta uy-joylarning egalik huquqi rasmiylashtirilmagan. Birgina shu jihatning oʻzi ham tumanda bu boradagi ishlar bugungi kun talablari asosida tashkil etilmayotganidan dalolat beradi.
Bitta xonadonning kadastr hujjati rasmiylashtirilishi hisobiga davlat byudjetiga oʻrtacha 1 million soʻm soliq mablagʻi jalb etish mumkin. Tumandagi 14 mingga yaqin uy-joylarning kadastr hujjatlari tayyorlanishi evaziga byudjetga 13-14 milliard soʻm mablagʻ jalb etish imkoni bor.
Yozyovon tumani kadastr boʻlimi rahbari Dilmurod Rahimov tomonidan taqdim etilgan raqamlar ushbu sohada haqiqatdan ham kamchiliklar koʻp ekanligini koʻrsatadi. Maʼlum boʻlishicha, Yangiboʻston MFY hududida oʻtkazilgan xatlov natijasida 58 ta aholi xonadoni, 2 ta noturar joy hamda 78 ta boʻsh yer uchastkalarining kadastr hujjatlari yoʻqligi aniqlandi.
Yangiobod MFYda olib borilgan xatlov tufayli avvalgi holatga nisbatan koʻchmas mulk obyektlari soni 75 taga koʻp ekanligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, 60 ta aholi xonadoni, 75 ta turar joy va 6 ta noturar joy obyektlari boʻyicha kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi fosh etildi. Aslida bu kabi salbiy holatlarni tumanning istalgan mahallasida aniqlash mumkin.
Prezidentimiz bir qator chiqishlarida kadastr idoralari faoliyati bilan bogʻliq korrupsiya, qonunbuzarliklarni keskin tanqid qilgan, soha faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida isloh qilish borasida farmon va qarorlar chiqargan edi. Afsuski, hozircha mazkur soha faoliyatida kutilgan natijalarga erishilmadi.
Biz tumandagi mavjud holatni Qoʻrgʻoncha MFY hududi misolida oʻrgandik. Mahalla raisi Abdulhamid Ehsonovning maʼlum qilishicha, 565 ta xonadonda 3 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Shu kuni mahalla raisi, tuman kadastr boʻlimi mutaxassisi Ravshan Mahmudov, tuman DSIning jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi bosh inspektori Islom Abdullayev hamrohligida hududdagi yuzga yaqin xonadonlarda boʻlib, kadastr hujjati bor-yoʻqligi bilan qiziqdik. Mahallada yangi uyga koʻchib oʻtganiga oʻttiz yildan oshgan, oʻtib ketgan otasi yoki onasining nomiga taxminiy miqdorda soliq toʻlab yurgan va haligacha kadastr hujjatini rasmiylashtirish yoki yer va mol-mulk soliqlarini toʻlash borasida deyarli hech qanday tushunchaga ega boʻlmagan oilalar koʻp ekanligi achinarlidir.
Nurli kelajak koʻchasining 103-uyida istiqomat qiladigan Ahadjon Poʻlatovlar oilasi mustaqilligimizning ilk yillarida ushbu uyga koʻchib oʻtgan. Lekin uyining haligacha kadastr hujjati qilinmagan. Bunday misol shuning oʻzi boʻlsa edi. Nurli kelajak, Navbahor, Bogʻi eram, Obod diyor kabi koʻchalarda yashovchi yana koʻplab xonadon egalari kadastr hujjati qildirmay yashab kelayotgani aniqlandi. Bir soʻz bilan aytganda, oʻrganilgan xonadonlarning qirq foizida kadastr hujjati yoʻq.
Vaholanki, ularning uy-joyi necha yillar avval roʻyxatga olinishi hamda baholanishi va shu asosdagina yer, mol-mulk soligʻi toʻlashi shart emasmidi?!
Tomorqasida issiqxona, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan, zamonaviy avtomashinalar minib yurgan boʻlsa-da, kadastr hujjati qildirishga hafsala qilmayotgan oilalar ham bor. Bu bir jihatdan qonunchilikda belgilangan soliqdan ham qochish-ku!
Xullas, bitta mahalla misolida shuncha muammo. Agar bu raqamlar Yozyovon tumani, viloyat hamda mamlakat miqyosida koʻpaytirilsa, nechogʻli ulkan raqamlar kelib chiqishini tasavvur etish qiyin emas. Demak, bu muammo respublikamiz miqyosida aniq tizim va reja asosida bartaraf etilishi uchun oʻz navbatini kutib turibdi.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring