Nega tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamaysiz?
O‘rganishlarda mutasaddi rahbarlar e’tibori ushbu savolga qaratildi.
Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda parlament a’zolari joylarda bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazayapti, Prezidentimiz tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qabul qilingan muhim hujjatlari ijrosini o‘rganmoqda. Bu galgi uchrashuvlarda deputat hamda senatorlar xalq ishonchini qozonish, manfaatlarini muhofaza etishda ta’sirchan mexanizmlarni hayotga tatbiq qilishga alohida e’tibor qaratishayotir.
Chunonchi, Buxoro viloyatining Kogon tumanida tibbiy xizmat, xususan, birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish ahvolini o‘rganayotgan xalq vakillari diqqatini Sarayon mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolarning murojaati tortdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi qishloq vrachlik punkti faoliyati ayrim sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan. Zarurat tug‘ilganda, odamlarning chamasi 9 kilometr olisdagi QVPga borishlariga to‘g‘ri kelmoqda.
“Barcha qulaylikka ega binoda punktning filiali ochilsa, shu hududda yashovchi keksalar va yosh onalar uchun ayni muddao bo‘lardi”, degan taklif inobatga olindi. Bu yerda doimiy ishlovchi hamshira hamda navbatchi vrach faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa bir muammoga joyida yechim topildi.
— Biz o‘rganish jarayoniga xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarini ham jalb etdik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sobirov. — Bu hududlardagi haqiqiy ahvolni chuqur bilish imkonini bermoqda. Sektorlar faoliyati, joylarda aholini qiynab kelayotgan masalalarni o‘rganayotib, tumanda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganiga ham amin bo‘ldik. Shu bilan birga, fuqarolardan tabiiy gaz bosimi pastligi, ichki yo‘llarning nosozligi xususida ko‘plab e’tirozlar tushmoqda. Biz muammolarni shu yerning o‘zida hal qilishga e’tibor qaratayapmiz. Deylik, 2,5 kilometr masofaga quvur tortilib, tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Hududda yer osti zax suvlari ko‘tarilgani bois 2 ta drenaj tarmog‘ini qurish haqidagi murojaat ham yechimini topayotir.
O‘rganish davomida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolar bankdan imtiyozli kredit olishda sun’iy to‘siqlarga duch kelishayotgani aniqlandi. Masalan, 4-sektor bo‘yicha mazkur masalada 42 ta ariza tushgan. Joriy yilning dastlabki choragida ularning atigi 5 tasi ijobiy hal etilgan, xolos. Yoki boshqa bir misol: Farovon qishlog‘ida yashovchi fermer Oybek Qurbonov ayni damda 200 asalari oilasini parvarish qilayapti. Asalaridan nafaqat asal, balki bir qator shifobaxsh mahsulotlar ham olmoqda. Fermer ularni eksportga chiqarish niyatida. Ammo tadbirkorga bu borada yordam qo‘lini cho‘zadigan tashkilot yoki mutasaddi rahbar topilmayapti. Sektor rahbarlari e’tibori masalaning ana shu jihatiga qaratildi.
Deputatlar ehtiyojmand fuqarolar mushkulini yengillashtirishdek xayrli yumushga ham bosh qo‘shishmoqda. Aynan ularning aralashuvi bilan nogironligi bo‘lgan fuqarolar Ruqiya Shirinova hamda Rahmon Jo‘rayevga tayanma aravachalar olib berildi.
Parlament vakillarining xalq bilan muloqotlari joylarda davom etmoqda.
Istam IBROHIMOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring