Nega “Katta Qashqar”da kam taʼminlangan oilalar yo‘q?
Foto: “Xalq so‘zi”
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Katta Qashqar” MFYda ikki mingdan oshiq xonadonda 7 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisining 90 foizi o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etgan bo‘lib, limonchilik sohasida juda katta tajribaga ega.
Tumanning eng yirik mahallalaridan hisoblanuvchi “Katta Qashqar” aholisi tasarrufida 149,1 gektar tomorqa mavjud bo‘lib, limonning eng xaridorgir va bozorbop navlari parvarishlanadi. Shu bois bu yerda yetishtirilgan limon asosan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ibrohim Xolmatovning aytishicha, tajribali tomorqachilar yangi navlarni mahalliylashtirish, hosildorlik salmog‘ini oshirish hamda eksport imkoniyatlarini yana-da kengaytirish borasida doimo izlanishda. Shu maqsadda muntazam ravishda Farg‘ona vodiysi viloyatlari mirishkor limonchilari bilan o‘zaro tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan.
-Xonadonimizda 6 sotix yerda issiqxona tashkil etganmiz, - deydi mahallaning eng mashhur limonchilaridan biri Maxpirali Qambarov. – Hozirgi kunda ichki bozorda bir kilogramm limon 20 ming so‘m. Bir yilda ikki-uch marotaba – o‘rtacha 3 tonnagacha hosil olish orqali 55-60 million so‘mgacha daromad olamiz.
Tadbirkorlar limonni shu yerning o‘zida qadoqlab, qo‘shni mamlakatlar hamda Rossiyaga eksport qilmoqdalar. Yilning to‘rt faslida ham mahalladoshlar tomorqa, bog‘dorchilik yumushlari bilan mashg‘ul. Darvoqe, “Katta Qashqar”da hamma birdek omilkor bo‘lgani bois ham bu yerda kam taʼminlangan oilalar yo‘q.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring