Nega asal narxi goʻshtnikidan qimmat?
Foto: “Xalq so‘zi”
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida USAID (AQSH)ning “Oʻzbekistonda agrobiznesni rivojlantirish” loyihasi hamda Samarqand viloyat asalarichilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Asal qiymat zanjirini rivojlantirish, eng ilgʻor tajribalar, muammolar va imkoniyatlar” mavzusida seminar-trening oʻtkazilmoqda. Unda asalarichilik xoʻjaliklari mutaxassislari, boshlovchi asalarichilar va tadqiqotchi amaliyotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etmoqda.
Tabiiy shifobaxsh neʼmat hisoblangan asal mahsulotini yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport qilish borasida mamlakatimizda qanday ilgʻor tajribalar mavjud? Seminarda loyiha koordinatorlari va bu sohada katta muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritgan mutaxassislar ayni yoʻnalishda qiziqarli taqdimotlarni namoyish etayotir.
– Asalarichilikni kitobdan oʻqib oʻrganib boʻlmaydi, uni yurib, koʻrib, mashaqqatini his qilib oʻrganish mumkin,– deydi Fargʻona viloyati asalarichilar uyushmasi aʼzosi, tadbirkor Sherali Suyarqulov.– Toʻgʻri, hozir internetdan hamma narsani topishning iloji bor, ammo bu kamlik qiladi. Bu ishni boshlash uchun sizda, avvalo, yaxshi gʻoya, soʻng yaxshi ustoz boʻlishi kerak. Men oʻzim 11 yoshimda bolalik qiziqishi bilan 2 qutida asalari boqishni boshladim. Fargʻona shahrida yashaganmiz, rus millatiga mansub kishi ustozlik qilgan. Koʻp qavatli asalari uyasidan foydalanardik. Bizning mahalliy sharoitda esa oddiy asalari uya -qutilaridan foydalanish samaraliroq.
Asalarichilik chindan ham ancha daromadli. Ish toʻgʻri tashkil qilinsa, undan salmoqli mablagʻ topish mumkin. Bozorda bir kilosi 90 ming soʻm atrofida boʻlgan bu neʼmat tabiiyligi, tozaligi va mehnatining mashaqqati bois hozirgi kunda goʻsht narxidan ham qimmat. Uning propolisi, gulchangi, mumi, suti va hatto asalari zahridan tabobatda keng foydalaniladi.
Seminar-treningda mutaxassislar tomonidan asalarichilik xoʻjaligini ochish, asalarilarni parvarish qilish va ilgʻor texnologiyalar borasida ishtirokchilarga qimmatli maʼlumotlar berildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring