Neft va koronavirus: Qozogʻistonda dollar kursi pasaydi
Jahon bozorida neft narxining oshishi tanganing 21,27 punkt mustahkamlanishiga olib keldi. Bu haqda Qozogʻiston Milliy bankining raisi Erbolat Dosayev maʼlum qildi.
“Valyuta bozoridagi vaziyat fundamental tashqi omillar taʼsiri ostida rivojlanmoqda. OPEK+ bitimining muvaffaqiyatsizligi, Rossiya rublining zaiflashishi va koronavirusning tez tarqalishi sababli, joriy yilning mart oyida 1 barrel neft narxining 22,7 dollargacha, yil boshidan beri esa 2,9-marta pasayishi, ichki valyuta bozoriga bosim oʻtkazdi. Shu bilan birga, joriy yilning mart oyida, tanganing ayirboshlash kursi bir AQSH dollari uchun 447,7 tangagacha pasaydi. Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash va spekulyativ operatsiyalarni cheklash uchun Milliy bank joriy yilning 10-martidan intervensiya olib bora boshladi.
Shuningdek, valyuta bozorida talab va taklif muvozanatini oshirish maqsadida Hukumat bilan birgalikda valyuta taklifini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrildi. Bunga kvazidavlat sektori subyektlari tomonidan eksport qilinadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotish va Qozogʻistonning ikkinchi darajali banklaridagi hisob-varaqlarga chet el valyutasidagi omonatlarni oʻtkazish, yuridik shaxslarga chet el valyutasini sotib olish/sotish boʻyicha talablarni kuchaytirish kiradi”, — dedi Erbolat Dosayev.
Bank raisining soʻzlariga koʻra, jahon bozorida neft narxining koʻtarilishi va koʻrilgan choralar natijasida 1 AQSH dollarining tangaga nisbatan kursi joriy yilning 13-aprelida 427,25 tangaga yoki 19-martdagi 448,5 kursidan 21,27 tangaga pasayishi kuzatildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring