Navzandak obod qishloqqa aylanmoqda

19:15 29 Dekabr 2021 Jamiyat
1490 0

Foto: "Xalq so'zi"

Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Navzandak mahallasi joriy yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan boʻlib, oʻtgan davrda bu yerda katta hajmdagi qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Natijada hududda qator xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha obyektlari qad koʻtarib, qishloq tanib boʻlmas qiyofa kasb etib bormoqda.

Kuni kecha qishloq ahlining cheksiz quvonchiga sabab boʻlgan 120 oʻrinli, zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.

Bungacha qishloqda maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlmagan. Bolalar qoʻshni qishloqlardagi bogʻchalarga qatnagan. Shu bois “Obod qishloq” davlat dasturi asosida 2,6 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurilgan uch qavatli, shinam bu maskanning ochilishi kattayu kichikni birdek quvontirdi.

Bundan tashqari “Obod qishloq” dasturi doirasida hududda joylashgan qishloq patronaj punkti binosi ham yangidan qurildi. Mahalliy byudjet hisobidan 878 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan ushbu muassasa 50 qatnovga moʻljallangan.

Yangi yil bayrami arafasida har ikkala obyektning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari, qishloq faollari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Qishloqning kun sayin koʻrkamlashib va shunga monand turmush sharoitlari ham tobora yaxshilanib borayotganidan mamnun navzandakliklar yangi yilni rozilik hissi bilan, shodu xurramlikda kutib olayotganliklaridan baxtiyorligini eʼtirof etdilar.   

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер