Navroʻz – mehr-oqibat ramzi
Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Jonajon diyorimizga barchamiz orziqib kutgan Navroʻzi olam tashrif buyurdi. Bahor havosi qalblarimizga oʻzgacha tarovat, iliqlik olib kirdi. Goʻyo butun olam yangilanish, ezgulik va yasharish faslidan zavq-u shavqqa toʻlmoqda. Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning koʻrk-u ziynati boʻlib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayramni juda katta tantana bilan kutib olishga odatlanganmiz.
Bu ayyomni dini, millati va elatidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonda yashayotgan barcha xalqlar birday bayram qiladi, sayillar, shodiyonalarda qatnashib, oʻz madaniyati, sanʼati va qadriyatlarini namoyish etadi.

Jizzax viloyatida Navroʻz kunlari xalqimizning betakror mehr-oqibati va bagʻrikengligi tufayli yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olish, ularga begʻaraz koʻmak berish, jamiyatda oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish anʼanasi joriy yilda ham davom etdi. Oʻzgalar mehriga muhtoj boʻlgan mingdan oshiq yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga bayram sovgʻalari tortiq qilindi.
“Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” dasturi asosida 170 yaqin boquvchisini yoʻqotgan oilalarning uylari tekin taʼmirlab berildi. Tanti tadbirkorlar esa shunday oilalarga maishiy texnika vositalarini tuhfa etishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring