Navoiydagi xususiy bogʻchada bolalarni kaltaklagan tarbiyachi ishdan olindi
Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida tarbiyachi bolalarga nisbatan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlib, jismoniy zoʻravonlik qilgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, holat boshqarma huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan atroflicha oʻrganilgan.
Oʻrganish jarayonida tarbiyalanuvchilarga nisbatan qoʻpol muomala qilgan hamda pedagogik etika va kasbiy meʼyorlarga zid harakatlarga yoʻl qoʻygan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amaldagi qonunchilik talablari asosida bekor qilingan.
Shuningdek, mazkur holat aniqlangan taʼlim muassasasining faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan.
Hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda qoʻshimcha oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Qayd etilishicha, bu boʻyicha zarur choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring