Navoiyda tadbirkor qurgan maktab oʻz eshiklarini ochdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Bugun Navoiy viloyatining ham 366ta umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq sadolari yangrab, yangi oʻquv yili boshlanganidan darak berdi. Ushbu maktablarning 5 tasi mutlaqo yangidan qurilgan boʻlsa, 33 tasi rekonstruksiya va tubdan taʼmirlash ishlari natijasida yangi qiyofa va imkoniyatlarga ega boʻldi.
Shulardan biri Navoiy shahrining “Farovon” mahallasidagi 22-umumtaʼlim maktabi esa yangi mahalla ahlining farzandlari uchun tadbirkor Abdukarim Saksonovning yangi oʻquv yiliga munosib tuhfasi boʻldi.
Maktab qurilishiga tadbirkor tomonidan 23 milliard soʻm homiylik mablagʻi yoʻnaltirilib, 990 oʻrinli(bir smenada), besh qavatli bino yangidan tiklandi. Zamonaviy kompyuter va oʻquv- laboratoriya uskunalari bilan jihozlandi. Shuningdek, oʻquvchilarning kasb-hunar oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini qanoatlantirishda barcha imkoniyatlarga ega ustaxonalar, 300 oʻringa moʻljallangan maktab oshxonasi, tadbirlar zali va boshqa bir qator qoʻshimcha oʻquv xonalari oʻquvchi yoshlarga zamon talabi asosida taʼlim olishlarini taqdim etadi.
— Maktabimiz pedagogik jamoasi tanlov asosida tarkib topdi, — deydi maktab direktori Xurshida Qalandarova. — Salkam 1200 nafar nomzodlar ichidan 70 nafar oʻqituvchini tanlab oldik. Oʻquvchilarimizga kelsak, asosan mahallamizning farzandlari qabul qilindi.
Darvoqe, “Farovon” mahallasi soʻnggi besh-olti yilda bunyod etilgan yangi massiv. Bu yerdagi koʻp qavatli uylarning aksariyatini tadbirkor rahbarlik qilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan qurilgan.
— Ushbu maktab nafaqat farzandlarimiz, balki biz ota-onalar uchun ham mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi va yangi oʻquv yiliga ajoyib sovgʻa boʻldi, — deydi mahalla ahli nomidan Elyor Shodiyev. — Albatta, ushbu maktab tufayli endilikda biz ota-onalar farzandlar tarbiyasi yoʻlida oʻzaro hamkorlik qilish va yanada birlashish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, yangi oʻquv yilidan Navoiy viloyatining umumtaʼlim tizimida 3880ta yangi oʻquvchi oʻrni yaratilib, 21025 nafar oʻgʻil-qiz ilk bor maktab ostonasiga qadam qoʻydi.
Maktabning ochilish marosimida uning birinchi sinfiga qabul qilingan bolalarga darslik va oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi” topshirilib, taqdimot tantanalarida viloyat hokimi N. Tursunov ishtirok etdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring