Navoiyda shoir siymosiga ehtirom koʻrsatildi
Nafaqat millatimiz, balki barcha turkiy xalqlar va hatto jahon adabiyotining ulugʻ siymolaridan biri boʻlgan Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi Navoiy shahridagi shoirning muazzam haykali poyiga keng jamoatchilikning gulchambarlar qoʻyish bilan boshlandi.
Shu yerning oʻzida viloyat hokimi Normat Tursunov tadbir ishtirokchilarini qutlab, ulugʻ mutafakkir shoir asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy gʻoyalarning jahon tamaddunida tutgan oʻrnini hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.

— Bugun dunyoga yangi tafakkur va yorugʻ yuz bilan qarayotgan Oʻzbekistonda Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyilida hazrat Navoiy orzularining roʻyobi oʻz ifodasini topmoqda, — dedi viloyat hokimi. — Zero, Navoiy bobomiz xalq gʻamini oʻylamaydigan, uning dardlarini tinglamaydigan kishilarni haqiqiy inson deb boʻlmasligini taʼkidlab, “Menga yuz jafo yetkazsalar bir marta ham nolimayman, ammo xalqqa bir jafo qilsalar yuz marta faryod qilaman” deb yozgan edi. Qariyb olti asr oʻtib, ushbu daʼvat hazrat Navoiy tilida soʻzlaydigan mamlakatda davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilanib, har bir islohotda oʻz ifodasini topmoqda.
Tadbirda navoiyshunos olimlar soʻnggi yillarda mamlakatimizda shoir hayoti va adabiy merosini oʻrganishda misli koʻrilmagan natijalarga erishilib, yurtimiz navoiyshunoslik tadqiqotlari markaziga aylanib borayotganligini taʼkidladilar.

— Hazrat Navoiy adabiy merosining ulugʻ qudrati ruhiy tarbiyadir, — deydi navoiyshunos olim Tohir Xoʻjayev. — Ruhiy tarbiya — inson qalbining ozigʻi, ongga quvvat, iroda va sabr beradigan kuch. Tasavvuf ulamolarimiz aytganlaridek, qalbni tozalamay turib, biron narsaga erishib boʻlmaydi. Insonning qalbi isloh boʻlsagina, butun jismi toza boʻladi, poklanadi. Shu jihatdan Navoiy adabiy merosi qalb islohotchisi, desak yanglishmaymiz.
Tantanalar shahardagi viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazida shoir gʻazallari asosidagi qoʻshiq va ularga bastalangan kuy hamda raqslardan iborat katta konsert dasturi bilan davom etdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring