Navoiyda qozoq tilida ta`lim beriladigan maktablar 67 tani tashkil etmoqda

15:45 21 Dekabr 2022 Jamiyat
805 0

Illustrativ foto

Qadim-qadimdan qoʻshni yashab, orzu-havas, ertangi kundan umid va maqsadlari qorishib ketgan oʻzbek-qozoq xalqlarining totuvligi, soʻnggi yillarda davlatlarimizning chinakam bir-biriga yaqinlashgani oʻzaro yelkadoshlikda yangi davrni boshlab berdi, desak mubolagʻa emas.

Hamjihatlik, jamiyatda millatlararo totuvlikni taʼminlash, har bir shaxsga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Birgina Navoiy viloyatini oladigan boʻlsak, hududda taʼlim olti tilda olib borilib, qozoq tiliga ixtisoslashgan maktablar soni 67 tani tashkil etadi.

— Mazkur umumtaʼlim maktablarida 8 ming 770 nafar oʻgʻil-qiz taʼlim olib, ular toʻliq oʻquv darsliklari va qariyb sakson mingga yaqin badiiy adabiyotlar bilan taʼminlangan, — deydi Navoiy viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Marat Shomuratov. — Birgina joriy yilning oʻzida taʼlim qozoq tilida olib boriladigan umumtaʼlim maktablaridan beshtasi rekonstruksiya qilinib, bittasi mukammal taʼmirdan chiqarildi. Mazkur yumushlarga 9 milliard 600 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Prezidentimizning qator farmon va qarorlari, xususan, 2017-yil 29-sentyabrdagi “ Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari, Nurota tumanining olis choʻl hududlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi hamda 2021-yil 11-yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi natijasida alohida fanlar boʻyicha pedagog kadrlar tanqisligiga deyarli barham berildi.

— Pedagog kadrlar taʼminotining yaxshilanishi, olis hududlar bitiruvchilariga imtiyozlar joriy etilishi tufayli birgina 2021-2022 oʻquv yili bitiruvchilarimizdan 62,5 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdilar, — deydi Tomdi tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Mels Bozorboyev. — Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash joiz, dastlabki (2017-yil) imtiyozni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarimiz joriy oʻquv yilidan taʼlim dargohlarimizda oʻz faoliyatini boshlashdi. Kelgusi yildan eʼtiboran tibbiyot yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarimiz ham oʻz ovullariga qaytib, xalqimiz salomatligi yoʻlida xizmat qilishga kirishadilar.

Olis Tomdida bu yil taʼlim qozoq tilida olib boriladigan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilaridan yetti nafari turli tanlov va fan olimpiadalarida gʻoliblar safidan oʻrin olishdi. Chunonchi, tumandagi 10-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 10- sinf oʻquvchisi Gulsaya Kalibayevaning oʻzbek tili va adabiyoti fanidan oʻtkazilgan asosiy fan olimpiadasi viloyat bosqichida faxrli uchinchi oʻrinni egallagani quvonarlidir.

Bugun Qizilqum kengliklarida istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub vatandoshlarimiz farzandlarining zamon talablari asosida taʼlim-tarbiya olishi, sport bilan shugʻullanib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun koʻmaklashish maqsadida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar oʻz samarasini bermoqda. Bu yangilanishlar ular qalbida Vatanga muhabbat, oʻtayotgan har bir kundan rozilik hislarini ulgʻaytirmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер