Navoiyda Oʻzbekistonda yagona sinov laboratoriyasi ishga tushiriladi
Foto: Illustrativ foto
Mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga ilk tashrifidayoq hududda faqat yirik sanoat korxonalariga suyanib qolish tendensiyasiga bosqichma-bosqich barham berish, imkoniyatlardan samarali foydalangan holda mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish vazifalarini qoʻygan edi. Bu xususiy biznes va sarmoyador tadbirkorlar uchun qulay investitsion iqlim va har bir hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish demakdir. “NKMK”, “Navoiy azot”, «Qizilqumsement», “Navoiy IES” AJlari kabi yirik quvvatlar faoliyat koʻrsatayotgan Navoiy shahrida davlatimiz rahbari belgilagan ushbu vazifalar ijrosi qanday, erishilgan yutuqlar omili, xalaqit berayotgan holatlar nimalardan iborat?
Navoiy shahar hokimligi va Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi hamkorligidagi press-tur ayni savollarga javob olish maqsadida tashkil etildi.
Markaziy va mahalliy OAV vakillari dastlab “Navpromlitmash” masʼuliyati cheklangan jamiyatining faoliyati bilan tanishdilar. Mazkur korxonada yaqin-yaqinlargacha valyuta evaziga chetdan keltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilar edi.
— Biz bu mahsulotlarni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiy azot”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ kabi korxonalarga yetkazib beramiz, — deydi korxona rahbari Ibrohim Fayziyev. — 2022-yildan mahsulotlarimizni eksport qilishni rejalashtirganmiz. Bu borada Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri tadbirkorlari bilan muzokaralar olib bordik. Rossiyalik hamkorlarimiz bizga metall listlar yetkazib berishi, biz esa ularni tayyor mahsulotlar bilan taʼminlashga kelishib oldik.
Mutaxassisligi energetik boʻlgan Ibrohim Fayziyev oʻz korxonasini zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlashga eʼtibor qaratib, sanoat va avtotransport sohasi uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning Oʻzbekistonda yagona sinov laboratoriyasini ishga tushirmoqda. Mart oyidan korxonada mexanika sexi ham faoliyat koʻrsata boshlaydi. Natijada Navoiy va mamlakatimizning bir qator hududlaridagi yirik sanoat quvvatlari, jumladan, “Maksam-Chirchiq” korxonasi uchun import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi.
OAV vakillari navbatdagi manzil - “Thermo install” MCHJ faoliyati bilan tanishdilar. 2019-yilda tashkil etilgan korxonada asosan isteʼmol bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy isitish qozonlari hamda bino va xonadonlarni isitish radiatorlari ishlab chiqariladi. Korxona oʻz faoliyati bilan 120 nafar navoiylik yoshlarning bandligini taʼminlab, yiliga oʻrta hisobda 22 ming dona mahsulotni tashqi va ichki bozorga chiqaradi. Yaqin kunlarda yana toʻrt turdagi mahsulotning ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi.
— Bizda ish haqi xodimning ish unumdorligiga qarab belgilangan, — deydi korxona ishchisi Laziz Boboqulov. — Besh million soʻmdan kam ish haqi olgan ishchi ishlamabdi, deb hisoblanadi. Umumiy koʻrsatkichga qarab ish haqi oshib boraveradi.
Loyiha qiymati 17 million AQSH dollariga teng “TIANCH ENG STONE” MCHJ xorijiy korxonasiga esa 2021-yilda asos solingan. Korxona sexlarida granit toshlariga ishlov berilib, pardozbop qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Mahsulotlar ichki bozordan tashqari Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston kabi qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda. Chunonchi, 2021-yilda eksport hajmi 3 million 896 ming AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilning dastlabki oyida bu koʻrsatkich 575ming AQSH dollariga teng boʻldi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring