Navoiyda okrug komissiyasining ilk yigʻilishi oʻtkazildi
Foto: «Xalq soʻzi»
Mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining loyihasi boʻyicha joriy yilning 30-aprel kuniga belgilangan referendum qizgʻin pallaga kirdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini oʻtkazuvchi 14 ta okrug komissiyalari faoliyatini boshlab, xususan 5-Navoiy okrug komissiyasi ham oʻzining dastlabki yigʻilishini oʻtkazdi.
Yigʻilishni okrug komissiyasi raisi kirish soʻzi bilan ochib, Okrug komissiyasi oʻz faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik tamoyillari asosida tashkil etishi, komissiya qarorlari ochiq ovoz berish orqali komissiya umumiy tarkibining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinishini taʼkidladi.
Shundan soʻng mazkur referendumni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida 5-Navoiy okrug komissiyasining referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish kalendar rejasi komissiya aʼzolari eʼtiboriga havola etilib, ushbu reja referendum jarayonini toʻgʻri va samarali tashkil etish, mavjud kuch va imkoniyatlarni oqilona taqsimlash hamda yoʻnaltirishda muhim omil ekanligi taʼkidlandi. Shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini oʻtkazuvchi 5-Navoiy okrug komissiyasining “Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha ish va kalendar rejasi” komissiya aʼzolari tomonidan tasdiqlandi.
Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masalalarda Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida okrug komissiyasi aʼzolarining navbatchilik jadvalini tasdiqlash, 5-Navoiy okrug komissiyasi hududida 411 ta uchastka Referendum komissiyalari tuzish, okrug komissiyasining ish hujjatlari nomenklaturasi toʻgʻrisidagi masalalari koʻrib chiqilib, okrug komissiyasi aʼzolari tomonidan tasdiqlandi.
Qayd etish joiz, referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga toʻla amal qilishda OAV bilan hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etadi. Shu bois yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini oʻtkazuvchi 5-Navoiy okrug komissiyasi huzurida Matbuot markazi tuzish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqilib, markaz rahbari va uning aʼzolari tarkibi tasdiqlandi.
Yigʻilishda okrug komissiyalari aʼzolari koʻrib chiqilgan har bir masala boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishib, majlis yakuni bilan kun tartibidagi masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini oʻtkazuvchi 5-Navoiy okrug komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring