Navoiyda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha targʻibot seminari oʻtkazildi

18:33 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
505 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 11-oktyabrdagi navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi koʻrib chiqilib, birinchi oʻqishda maʼqullangan edi. Ushbu Qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7ta qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, shu asosda navbatdagi saylovlarni ilk marotaba mojaritar-proporsional(aralash) saylov tizimi asosida oʻtkazilishi nazarda tutilgan.

Mazkur muhim qonun loyihasiga koʻra kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar nimalardan iborat, ular jamiyatning yanada demokratlashuvi, saylov jarayonlarining shaffofligi va elektoratning faolligi hamda siyosiy partiyalar oʻrtasida raqobatni taʼminlashda qanday ahamiyat kasb etadi?

Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi hamda Adliya vazirligi vakillaridan iborat Targʻibot guruhining Navoiy viloyatida oʻtkazgan “Saylov organlari tizimi takomillashtirilishining oʻziga xosligi” mavzusidagi seminarida ushbu qonun loyihasi hamda uning mazmun mohiyati boʻyicha ishtirokchilarga atroflicha tushuncha berildi.

Qonun loyihasi yuzasidan Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Shuhrat Bafayev hamda Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi Inna Korjikova maʼruza qilib, soʻnggi yillarda jamiyatimizda odamlarning ongi, tafakkurida kuzatilayotgan oʻzgarishga monand ravishda qonunchilikka oʻzgartirish kiritilishiga ehtiyoj yuzaga kelgani, xususan, parlamentga, deputatga, siyosiy partiyalarga boʻlgan qarash va talablar ham oʻzgargani mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishga bosh sabab ekanligini taʼkidladilar.

Shuningdek, mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi proporsional va mojaritar saylov tizimlarining kuchli jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgani, xalqimizning davlat va boshqaruvida ishtirok etishdek ustuvor huquqidan foydalanishi uchun yangi imkoniyatlar taqdim etishiga alohida eʼtibor qaratilib, qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida oʻtkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nimalardan iboratligiga ishtirokchilar eʼtiborini jalb etishdi.

— Saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritilmoqda, — deya taʼkidladi Sh. Bafayev, — Jumladan, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga boʻlinmoqda. Bunda partiya roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi. Yaʼni, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya roʻyxat boʻyicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishadi.

Seminarda ishtirok etgan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari hamda pedagog ilmiy xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob hamda ushbu Konstitutsiyaviy Qonun loyihasini keng targʻib etish yuzasidan tavsiyalar olishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер