Navoiyda bilimlar kuni
Navoiy viloyati markazidan 400 kilometr olislikdagi 11- umumiy oʻrta taʼlim maktabida hokim “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” mavzusi yangi oʻquv yilining birinchi darsini oʻtdi.
Ushbu ilm dargohi Qizilqum shimoli Uchquduq tumanining Mingbuloq ovulida joylashgan.
Tuman hokimi maktab oʻquvchilarini yangi oʻquv yili bilan qutlab, Mustaqillikdek ulugʻ neʼmatning qadriga yetish, mamlakatimizda istiqlol yillari, xususan soʻnggi uch yilda erishilgan yutuqlar, taʼlim tizimidagi islohotlar samarasiga atroflicha toʻxtaldi.
- Mamlakatimizni-ku qoʻya turaylik, tumanimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlarning oʻzini bir dars hajmiga jamlash nihoyatda mushkul, - deydi tuman hokimi Soli Hamroyev. – Shu bois mamlakatimiz rahbarining biz hokimlarga haftada uch marotaba maktablarda dars oʻtish topshirigʻi chinakam hayotiy ekanligini his etdim.
Dars nihoyasida maktab ostonasiga ilk bor qadam qoʻygan oʻquvchilarga “Prezident sovgʻasi” topshirildi.
Darvoqe, shu kuni viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablariga 17598 nafar bola 1-sinfga qabul qilinib, barchasiga oʻquv darsliklari va qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi”tarqatildi.

Mazkur tadbir viloyatdagi 365 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida koʻtarinki ruhda oʻtkazilib, ularda 51 nafar viloyat hamda tuman va shahar sektor rahbarlari hamda viloyat korxona va tashkilotlarining va mahalliy Kengashlarning deputatlari ishtirok etdilar.
Xususan, viloyat hokimi K.Tursunov Karmana tumani 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga, viloyat prokurori Sh.Aminov Qiziltepa tumani 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga tashrif buyurib, mustaqillik darslarini oʻtdilar.
Mustaqillik darslarida Respublikamiz Prezidentining 5 tashabbusi hamda Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha rivojlanish Konsepsiyasini mazmun-mohiyatini oʻquvchilar ongiga singdirishga, shuningdek, oʻquvchilarni 2019-2020 oʻquv yilida yangi yutuqlarga ruhlantiruvchi maʼruza va slaydlar havola etildi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring