Navoiyda 3 million 662 ming 400 m /kub gaz tejab qolinadi

17:46 12 Sentyabr 2023 Jamiyat
342 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yurtimiz oltin kuz hukm surmoqda. Barcha tizim va tarmoqlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qizgʻin pallaga kirdi. “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali jamoasi ham taqsimlash punktlari va quvurlarining soz holatda boʻlishi va qishning izgʻirinli kunlarida tabiiy gaz taʼminotida muammo yuzaga kelmasligini taʼminlash maqsadida kuzning issiq-iliq kunlaridan unumli foydalanishmoqda.

Filial tomonidan tashkil etilgan press-turda respublika nashrlarining viloyatdagi muxbirlari, OAV vakillari hamda blogerlar Karmana tumanidagi “Doʻstlik” MFY hamda Qiziltepa tumanining “Malikobod” MFY hududlarida bunyod etilayotgan yangi Oʻzbekiston massivlarida gazlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.

Ushbu massivlarni gazlashtirish uchun “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan jami 4 kilometrlik gaz tarmogʻi tortilib, “Doʻstlik” MFY hududida 18 ta koʻp qavatli uylarning 420 xonadoni va Qiziltepa tumani Malikobod MFY hududida esa 8 ta koʻp qavatli uylarning 200 xonadoni hamda bir qator ijtimoiy soha obyektlari bir maromdagi tabiiy gaz bilan taʼminlangan.

— Bundan tashqari Navoiy shahridagi 3 ta 16 qavatli uy-joylarni gazlashtirish maqsadida 4,4 kilometr, tashqi gaz tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirildi, — deydi filial bosh muhandisi Bahriddin Xudoyorov. – Shuningdek, joriy yilda viloyatda 13 ta kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil etish belgilangan boʻlib, ushbu obyektlarni gazlashtirish loyihalari asosida shu kunga qadar ularning 4 tasiga tashqi tabiiy gaz tarmoqlari tortildi.

Press-tur ishtirokchilari aholi xonadonlarida energiya tejamkor gaz uskunalarini oʻrnatish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan mahallalar misolida tanishtirildi.

Taʼkidlanishicha, eski gorelkalarning oylik gaz sarfi 650 kub metrni tashkil etib, bu yangi avtomatlashtirilgan energiya tejamkor gaz yondirgichlarga nisbatan 310 kub metr koʻp demakdir. Eng muhimi, mazkur moslama aholiga har oy qariyb bir baravar gaz tejash bilan birga, isteʼmolchi uyda boʻlmagan paytlar gaz oʻchib qolsa, gaz taʼminotidan uzishni avtomatik ravishda amalga oshiradi.

— Filialimiz tomonidan rejadagi 15 ming 260 dona nostandart gaz jihozlarini energotejamkor gaz jihozlarga almashtirish 3 million 662 ming 400 metr kub gaz tejalishini taʼminlaydi, — deydi “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. — Yana bir muhim jihati shundaki, tejalgan gaz, tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarga taʼminotni yaxshilashga yoʻnaltirish imkoniyati yaratadi.

Press-tur yakunida jurnalist va OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda taʼkidlanishicha, joriy qish mavsumga tayyorgarlik koʻrish jarayonlarida viloyat boʻyicha 5 dona gaz taqsimlash punktlari kapital taʼmirlangan, 74,2 kilometr gaz quvurlari bosim ostida zichlik sharoitida sinalib, havo bosimi yordamida tozalangan. 124,7 kilometr gaz quvurlarida esa estetik jihatdan tartibga keltirilib, boʻyoqdan chiqarilgan. Shuningdek, 177,2 kilometr yer osti gaz quvurlari pribor usuli bilan tekshirilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob olishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер