Navoiy viloyatidagi olis ovulga internet yetib bordi

18:11 29 Dekabr 2023 Jamiyat
985 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimiz Prezidentining “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida aholi yashash maskanlarini keng polosali mobil aloqa tarmogʻi bilan qamrab olish darajasi hamda xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari boʻylab yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovini oshirish, shuningdek, optik tolali aloqa liniyalarini qurish orqali olis hududlardagi aholi xonadonlarini yuqori tezlikdagi internetga ulash imkoniyatini yaratish vazifalari belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida 2023-yil davomida Navoiy viloyati boʻyicha 3 118 km optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 13,2 ming kilometrga yetkazildi.

— Mazkur qaror asosida belgilangan chora-tadbirlar natijasida viloyatimiz aholi yashash maskanlarini optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olish darajasi 96 foizga yetkazildi, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi Navoiy viloyati hududiy shubasi boshligʻi Alisher Boʻronov. — Shuningdek, viloyatda mobil aloqa va mobil internet qamrovini kengaytirish hamda sifatini yanada yaxshilash maqsadida qoʻshimcha 152 ta yangi baza stansiyalari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 2387 taga yetkazildi. Natijada viloyat boʻyicha aholi yashash maskanlarining mobil aloqa qamrovi bilan taʼminlanish darajasi 97 foizdan oshirildi.

Shu taxlit yaqin-yaqinlargacha hech bir mobil aloqa qamrovi bilan taʼminlanmagan aholi yashash maskanlari ham mobil aloqa va mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Xususan, Konimex tumanining “Qaraqata” OFY, “Boymurod” MFYning Yangi turmush aholi yashash maskani, Tomdi tumanining “Tomdibuloq” OFY, Jingildi aholi yashash maskani, Uchquduq tumanidagi “Koʻkayaz” OFYning Aqbaytal va Koʻkayaz aholi yashash maskanlari, Nurota tumanining “Kattasoy” MFY Kichiksoy aholi yashash maskani, “Suvliq” MFYning Moduvot va Sovuqbuloq qishloqlari aholisi mobil aloqa va mobil internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilib, kuni kecha viloyatning olis ovullaridan biri — Konimex tumanining “Sarjal” OFY ham ular qatoridan joy oldi. Ovul hududida mobil aloqa operatorlarining 3G-4G aloqa signallarini taʼminlab beruvchi antennalar oʻrnatilib, qishloq ahliga aloqa borasida qulayliklar yaratildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер