Navoiy viloyatida oʻqituvchilar qurultoyi boʻlib oʻtdi

16:43 22 Dekabr 2023 Jamiyat
958 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Uning doirasidagi uchrashuvlarda boshlangʻich taʼlim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyot yoʻnalishlari boʻyicha fanlar kesimida 300 nafardan ortiq oʻqituvchi va ustozlar ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan shoʻbalarda soha fidoyilari oʻzaro tajriba almashishib, maktabgacha va maktab taʼlimining bugungi kundagi dolzarb masalalari yuzasidan oʻz munosabatlarini bildirdilar. Tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.

— Mazkur qurultoy biz uchun hisobot minbari boʻlib qolmasdan, maktabgacha va maktab taʼlimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, pedagoglar salohiyatini oshirish, maktablarda zamonaviy metodikalar asosida taʼlim va tarbiyani tashkil etish boʻyicha eng ilgʻor tajribalarni ommalashtirish maydonchasidir, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarma boshligʻi Raʼno Hayitova. — Albatta, bu sharafli kasb egalaridan oʻz ustida tizimli ishlash, millat ertasi uchun jon kuydirish, mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini chuqur anglashni talab etadi. Shundagina har bir oʻqituvchi jamiyatda chin maʼnoda mavqega ega boʻlib, yangi Renessans poydevorining bunyodkori boʻladi.

Qurultoyda viloyatda soha xodimlarining yaqin istiqboldagi vazifalari hamda yechimini kutayotgan bir qator muammolar muhokama etildi. Chunonchi, 2024-yil boshidan viloyatdagi 40 ta maktabda ikkinchi xorijiy til va kasbga oʻrgatish tizimi yoʻlga qoʻyish (hozirda 5 ta maktabda), kadrlar yetishmaydigan Konimex tumanida 8 ta, Xatirchi va Uchquduq tumanlarida 7 tadan, Tomdi tumanidagi 5 ta, Nurota tumanidagi 2 ta maktablar uchun davlat komissiyasiga murojaat qilish orqali maqsadli davlat buyurtmasiga takliflar kiritish shular jumlasidan.

Shuningdek, oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari past boʻlgan maktablarga viloyatdagi ilgʻor tajribaga ega boʻlgan maktab jamoalari metodik yordam koʻrsatish maqsadida biriktirish, oʻquvchi yoshlarni turli maʼnaviy tahdidlardan himoya qilish borasida davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida bir guruh faol, tashabbuskor, fidoyi oʻqituvchilarga “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tashakkurnomasi hamda viloyat hokimligining faxriy yorliqlari topshirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер