Navoiy viloyatida olimlar bilan keng qirrali hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi
Toshkent davlat texnika universiteti rektori, akademik Sadritdin Turabjanov Navoiy viloyatida boʻlib, talaba yoshlar, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlari bilan muloqot qildi.
NDKTU rektori Baxtiyor Mardonov muloqot avvalida akademikning serqirra faoliyatiga toʻxtalarkan, olim ilmiy izlanishlarining ilm-fan rivojidagi dunyoviy ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.
— Mening dastlabki ilmiy izlanishlarim Navoiy shahri, xususan “Navoiy azot” korxonasi bilan bogʻliq, — deydi S. Turabjanov. — Navoiylik olimlar bilan uzoq yillardan buyon hamkorlikda ishlab kelayapmiz.
Kimyo shunday sohaki, undagi izlanish va birgina yangilik, yana oʻnlab, hatto yuzlab kashfiyotlarga yoʻl ochadi. Bugun insoniyat kelajagi, taraqqiyot taqdiri kimyogarlarning ilmiy izlanishlari shiddatiga bevosita bogʻliq ekan, bu boradagi innovatsion ishlanmalarga ehtiyoj har qachongidanda oshib boraveradi. Albatta, buni “Navoiy azot”dek korxonalarsiz tasavvur etish mushkul.
Tadbirda olimning ustozlari, hamkasblari va shogirdlari ham oʻz fikr-mulohaza bildirishib, akademikning insoniy va ilmiy hayot yoʻli yoshlar uchun ibrat maktabi ekanligi taʼkidlashdi.
Shu kuni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bir guruh olimlar hamda Navoiy viloyatida joylashgan sanoat korxonalari vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Unda S. Turabjanov TDTUda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, amaliy natijalar, ishlab chiqarishga joriy etilayotgan xususida oʻzaro fikr almashib, taklif va tavsiyalarini bildirishdi. Universitet olimlari oʻz ilmiy izlanishlarining taqdimotini oʻtkazishdi.
Anjumanda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiy azot”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi”, “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari kabi yirik sanoat korxonalarining vakillari olimlarning takliflariga qiziqish bildirib, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib olishdi.
Qizilqum turnesi doirasida akademik olim Zarafshon shahrida ham boʻlib, oʻquvchi-yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tadbirda respublika miqyosida oʻtkazilgan “Zamonaviy maktablar” loyihasida Zarafshon shahridan 1-oʻrinni egallagan va Top-10 talikka kirgan maktablarga shahar hokimligining pul mukofotlari topshirildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring