Navoiy viloyatida nega ayollar oʻrtasida jinoyatchilik soni oshmoqda?

13:38 23 Yanvar 2023 Jamiyat
759 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratov OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur savolga javob berarkan, ayollar tomonidan oʻtgan yili sodir etilgan 193 ta jinoyat ishining aksariyati moliyaviy masalalarda boʻlib, firibgarlik bilan bogʻliqligini taʼkidladi.

— Xususan, yaqindagina shunga oʻxshash jinoyat ishi koʻrib chiqildi, — deydi H. Qudratov. — Ayol boshqa bir shaxsga kredit olishi, kredit mablagʻini naqdlashtirib berishni vaʼda qilib, uning ishonchiga kiradi. Olingan kreditni oʻzlashtirib, juftakni rostlaydi. Birgina shu ayol sakkiz fuqaroni ayni taxlitda “chuv” tushirgan. Bunday firibgarliklar oqibatida ayollar oʻrtasidagi jinoyatchilik soni Navoiy viloyatida oʻtgan yili 2021-yilga nisbatan 53 foizga oshgan.

Matbuot anjumanida viloyatda hisobot davrida bir qator jinoyat turlari ortgani, achinarlisi, yoshlar (20 foiz) bilan birga 60 yoshdan oshgan fuqarolar (20,8 foiz) tomonidan ham jinoyatga qoʻl urish holatlarining koʻpaygani qayd etildi.

— Biz yoshlar bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrib chiqishda MFYdagi yoshlar yetakchilarini ham taklif etamiz, — deydi Navoiy viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Abdumannon Shaydoyev. — Afsuski, aksariyat hollarda ular kelib, ishtirok etishmaydi. Vaholanki, ular ishtirok etishsa, vaziyatni baholab, jinoyatga qoʻl urgan yoshlarni kafillikka olishsa, bundan oʻsha mahalla yutishi, yetakchining ham mahalla yoshlari orasida mavqeyi mustahkamlanishi tabiiy.

Tadbirda odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida sudlar tomonidan
amalga oshirilgan ishlarga eʼtibor qaratilar ekan, Navoiy viloyat sudlari tomonidan yil davomida koʻrib tamomlangan ishlar yuzasidan jami 359 nafar shaxsga nisbatan 216 ta jinoyat ishi boʻyicha dastlabki ayblovda qoʻyilgan ayblar oʻzgartirilib, qayta malakalangan holda sudning yakuniy qarorlari chiqarilgani (ayblov oʻzgartirilgan jinoyat ishlari soni 52,1 foizga oshgan), ayblov oʻzgartirilgan ishlarning 61 tasi prokuratura organlari tomonidan, 153 tasi ichki ishlar organlarining tergov boʻlimlari tomonidan tergov qilingani taʼkidlandi. Umuman olganda, oʻtgan yili 3 ta jinoyat ishi boʻyicha jami 13 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlanib, shundan 3 nafar shaxs birinchi instansiya sudlari tomonidan, 10 nafar shaxs viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan oqlangani maʼlum qilindi. Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер