Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov II Jahon urushi qahramonlari holidan xabar oldi
Yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulugʻlashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navroʻz umumxalq bayrami ham oʻziga xos maʼnaviy tayanch boʻlib xizmat qilmoqda.
Bayram kunlarida viloyatimizdagi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama eʼzozlash, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam koʻrsatish kabi xayriya tadbirlari ommaviy harakatga aylanib borayotgani quvonarlidir.
Xususan, bugun ushbu bayram munosabati bilan viloyat hokimi Normat Tursunov Qiziltepa tumanida yashovchi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Rashida aya Ishkulova va Shukur bobo Xomitovlar xonadonlarida boʻlib, qahramonlarning holidan xabar oldi.
Suhbat jarayonida Rashida Ishkulova 1943-yilda urushga ketgani, «Marshal Rakasovskiy» 36920-harbiy front gospitalida hamshira boʻlib, askarlarga jang paytida tibbiy yordam koʻrsatgani hamda 1943-45-yillarda Germaniya ostonasi Berlin shahrigacha harbiy hamshira sifatida xizmat vazifasini oʻtagani haqida oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashdi.
Bugungi kunda onaxon 4 nafar farzandni tarbiyalab, farzandlar ardogʻida, yurtimiz qahramoni sifatida doim eʼzozda ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, viloyat rahbari tumanga tashrifi chogʻida Shukur Homitov holidan ham xabar oldi.
1942-yilda Ukraina frontiga urushga ketgan, 7- va 5-oʻqchi polkida mergan boʻlib jang qilgan. 1943-yilda yarador boʻlib, 3641-harbiy gospitalida davolangan hamda 1945-yilda frontdan qaytgan qahramonimiz 7 nafar farzandni tarbiyalab, tinchlik-xotirjamlik va shukronalikda umrguzaronlik qilmoqda.
Tashriflar jarayonida ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bayram bilan tabriklab, hol-ahvol soʻraldi. Ularga pul mukofotlari, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring