Navoiy hokimi «Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Temur ESHBOYEV/«Xalq soʻzi». Navoiyga kelgan mehmonlarning koʻpchiligi shahardagi orastalikni eʼtirof etib, kommunal xizmat tizimining Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufida ekanligi bilan bogʻlashardi.
Mana bir necha yildirki, ushbu tizim viloyat Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi tarkibida faoliyat olib bormoqda. Shahar esa ozoda va fusunkorlikda oʻz mavqeini boy bergan emas. Aksincha, Respublikamiz Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi «Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarorida shahardagi koʻp kvartirali uylarga namunali xizmat koʻrsatish eʼtirof etilib, «Navoiy tajribasi»ni respublika hududlariga keng yoyish vazifalari belgilandi.
Bugungi kunda viloyatning shahar va tumanlarida faoliyat olib borayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari oʻrnida 64 ta boshqaruv organlari faoliyat yuritib, 2008 ta koʻp xonadonli uylar ularga biriktirilgan. Ushbu subyektlarda koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatish qatʼiy tizimlashtirilganligi va doim takomillashtirilib borilayotgani oʻz samaralarini bermoqda. Xususan, viloyat aholisining toʻlov intizomi bugungi kunda 100 foizga yetib, 2024-yil 1-yanvar holatiga koʻra, mavjud 10,1 mlrd. soʻm debitor qarzdorlik hozirda toʻliq soʻndirilgan. Bu esa sohada bevosita xizmat sifatining oshishi taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur barqarorlik respublika Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan eʼtirof etilib, viloyat hokimi Normat Tursunov «Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva koʻkrak nishonini egasiga topshirar ekan, sohadagi islohotlarda Navoiy viloyati namuna ekanligini yana bir bor taʼkidladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring