Navbahor tumanida boʻshab qolgan deputatlik oʻrniga saylovni tashkil etish boʻyicha oʻquv-amaliyot mashgʻulotlari oʻtkazildi
Respublika Markaziy saylov komissiyasining 2026-yil 13-yanvardagi “Ayrim boʻshab qolgan oʻrinlarga mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovini tayinlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Navbahor tumanining 14-Qurama saylov okrugida boʻshab qolgan deputatlik oʻrniga saylov oʻtkazuvchi 349 va 350-uchastka saylov komissiyalari aʼzolari uchun “Xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashi uchun boʻshab qolgan oʻrinlarga saylovni tashkil etish va oʻtkazish” mavzusida oʻquv-amaliyot mashgʻuloti oʻtkazildi.
— Ushbu seminarni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad oʻquv-amaliyot mashgʻulotlari ishtirokchilarining boʻshab qolgan oʻrinlarga xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari saylovini oʻtkazish tartibi va oʻziga xos jihatlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, saylov jarayonlarini amaldagi qonunchilik talablariga toʻliq muvofiq holda tashkil etishni taʼminlashdan iborat, — dedi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Gulnoz Aslonova.

Shu asosda mashgʻulotlar davomida saylovni tashkil etishga oid muhim masalalar, jumladan, uchastka saylov komissiyasi uchun ajratilgan binolarga qoʻyiladigan talablar va ularni jihozlash tartibi, saylovchilar roʻyxatini shakllantirish, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish jarayonini qonunchilik talablariga toʻliq rioya etgan holda oʻtkazish hamda saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik masalalari yuzasidan nazariy bilimlar berildi.
Mashgʻulotlarning amaliy qismida esa ishtirokchilar saylov kuni ovoz berish boshlanishidan oldin uchastka saylov komissiyasining harakatlari, ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish, ovozlarni sanab chiqish va natijalarni belgilash, saylov natijalarini eʼlon qilish hamda saylov hujjatlarini belgilangan tartibda arxivga topshirish boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻldilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring