NATO havo hujumidan mudofaa tizimini yaxshilashga kirishdi
Arxiv surat
NATO Bosh kotibi oʻrinbosari Mircha Joane alyans havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirishini maʼlum qildi.
Shu yilning 11-12-iyul kunlari Vilnyusda boʻlib oʻtadigan NATOning sammitida mudofaa sohasida qarorlar qabul qilinadi va ular havo hujumidan mudofaa tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu haqda NATO Bosh kotibi oʻrinbosari Mircha Joane aytib oʻtdi.
Uning soʻzlariga koʻra, havo mudofaasi Shimoliy Atlantika alyansining yangi koʻp mintaqaviy rejalarida muhim oʻrin tutadi.
Joanening taʼkidlashicha, NATO Ukraina mojarosidan olgan saboqlari, jumladan, Rossiyaning imkoniyatlari, Patriot havo mudofaa tizimlarining samaradorligi alyansga aʼzo mamlakatlarni yanada koʻproq ishlar qilishga undamoqda.
Ayni paytda havo hujumidan mudofaa tizimi ustida ish olib borilmoqda, yangi rejalarni amalga oshishi alyansning havo mudofaasini yangi darajaga olib chiqadi.
Joane, shuningdek, bir qator NATO ittifoqchilari, jumladan, Latviya, Litva va Estoniya tegishli takliflar tayyorlayotganini qoʻshimcha qildi.
Avvalroq, “Reuters” agentligi Sovuq urush tugaganidan keyin birinchi marta NATO Rossiya bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda keng koʻlamli mudofaa rejasini ishlab chiqayotgani haqida xabar bergan edi.
NATO Harbiy qoʻmitasi rahbari Rob Bauerning aytishicha, alyans davlatlari Rossiya bilan har qanday vaqtda mojaro boshlanishi mumkinligiga tayyor boʻlishi kerak.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring