NATO bosh kotibi yana bir yil oʻz lavozimida qoladigan boʻldi

01:48 25 Mart 2022 Dunyo
1714 0

Foto: Reuters

Ukraina bilan bogʻliq vaziyat fonida NATO yetakchilari bosh kotibi Yens Stoltenbergning ushbu lavozimdagi mandatini yana bir yilga uzaytirishga kelishib olgan. Bu haqda Stoltenberg oʻzining «Twitter»ida yozgan.

«NATO yetakchilarining bosh kotiblik muddatimni 2023-yil 30-sentabrgacha uzaytirish haqidagi qaroridan mamnunman. Biz avlodlarimiz katta xavfsizlik inqiroziga duch kelar ekan, ittifoqimiz birligini saqlab, xalqlarimiz xavfsizligini himoya qilamiz», deb yozgan siyosatchi.

Stoltenbergning NATO bosh kotibligidagi vakolati shu yilning sentabrida tugashi kerak edi. Bungacha alyans aʼzolari yangi bosh kotibni aniqlashtirib olishi kerak edi. Siyosatchi isteʼfoga chiqqanidan soʻng joriy yilning 1-dekabridan Norvegiya Markaziy banki rahbari lavozimini egallashi kutilayotgandi.

Avvalroq NATOga aʼzo mamlakatlari yetakchilari Bryusseldagi sammitda tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenbergning mandatini uzaytirish haqida qaror qabul qilishi mumkinligi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Maʼlumki, 24-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin LXR va DXR rahbarlarining yordam soʻroviga javoban Donbassni himoya qilish uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshladi. Shundan soʻng Rossiya harbiy kuchlari Ukraina hududiga kiritildi.

Bunga javoban Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarini uzdi. Koʻplab davlatlar Rossiyaga, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, qator rasmiylar, tadbirkorlar va jurnalistlarga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер