“Nastarin” ansambli Italiyaga boradi

10:48 06 Dekabr 2021 Jamiyat
1050 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona davlat universitetining sanʼatshunoslik fakulteti qoshida “Nastarin” ansambli tashkil etilganiga uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Ammo ijodiy jamoa erishayotgan yutuqlar tahsinga loyiq.

Fakultet oʻqituvchisi, tajribali bastakor Layloxon Tursunova tashabbusi bilan tuzilgan ansamblga 8 nafar isteʼdodli talaba-qiz jalb etilgan. Jamoaning betakror ijrosi endilikda nafaqat universitetda, balki viloyat boʻylab sanʼat ixlosmandlari eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.

Kinofilmlardagi retro ohanglar boʻladimi yoki baland pardalarda kuylanadigan qoʻshiqlarmi — qizlar zavq bilan, yurakdan ijro etadilar. Albatta, bunday umrboqiy qoʻshiqlar tinimsiz mashq va mashgʻulotlardagi saboqlar evaziga yaratiladi.

2021-yilning erta koʻklamida opera vatani — Italiyada onlayn tarzda oʻkazilgan nufuzli xalqaro koʻrik-tanlov jamoa uchun oʻziga xos sinov boʻldi. “Nastarin”ning chiqishini Italiyadagi yetuk sanʼatshunoslar kiprik qoqmay kuzatishdi. Yakunda oʻnlab davlatlardan ishtirok etgan qatnashchilar orasida “Nastarin” vokal qizlar ansambli gʻoliblarning gʻolibi — oliy oʻrin sohibi sifatida eʼlon qilingan edi.

Ayni paytda Italiyaga borish taraddudini koʻrayotgan jamoaning repertuari yanada diltortar qoʻshiqlar boyimoqda. Jamoa rahbari Layloxon Tursunovaning aytishicha, koronavirus pandemiyasi boʻyicha vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarishi bilan opera qoʻshiqlari, moda festivallari yurtiga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер