“Nasriddin Afandi” festivali barchaga xush kayfiyat ulashdi

15:50 01 Aprel 2026 Jamiyat
269 0

Bir boy maʼraka qildi-yu oʻzi hurmatli deb bilgan kishilarga toʻn kiygizdi. Navbat Afandiga kelganida esa uni masxara qilish uchun eshakning toʻqimini berdi. Nasriddin Afandi boshqalar qatori boyni duo qilarkan, toʻnli boʻlganlarga qarab shunday dermish: Boy buvamiz sizlarga odamlar kiyadigan toʻn hadya qildilar, menga esa shohona lutfu karam koʻrsatib, oʻz kiyimlarini yechib berdilar”.

Bu 1-aprel – hazil — mutoyiba kuni sabab Buxoroning soʻlim Labihovuzi boʻyida oʻtkazilgan “Nasriddin Afandi” festivalida aytilgan oʻnlab latifalardan biridir. Anʼanaviy tadbir odatdagidek, shoʻx – shodon kulgu, ichakuzildi latifalar, komik aktyorlar va qiziqchilar, folklor dastalarining chiqishlari ostida oʻtdi.

-Nasriddin Afandi nomi quloqqa chalinganidayoq kishining yuzida tabassum paydo boʻladi, — deydi festival qatnashchilaridan biri, maʼnaviyat targʻibotchisi Maʼmura Safoyeva. – U bilan bogʻliq latifalarda Afandi hozirjavobligi, oʻtkir kinoyasi, hech nimadan tap tortmasligi va soddaligi bilan ajralib turadi.Bu latifalardagi kulguda gʻaraz yoʻq. Begʻaraz kulgu esa bilamizki, Abu Ali ibn Sino taʼkidlaganidek, umrga umr qoʻshadi.

Festivalda “Buxoro mavjlari” ansambli, “Afandi SHAY” qiziqchilar jamoasi, Vobkent, Kogon tumanlari folklor- jamoalari oʻz chiqishlari bilan shahar mehmonlari va xorijiy sayyohlarga xush kayfiyat ulashdilar.Bugun kechga yaqin Somoniylar istirohat bogʻida boʻlib oʻtadigan “Sharq taomlari” gastronomik bayrami hazil – mutoyiba kuni munosabati bilan tashkil etilgan koʻngilochar tadbirlarga yakun yasab beradi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер