Nasriddin Afandi Buxoroda tugʻilganmi?

16:12 01 Aprel 2024 Jamiyat
2252 0

Arxiv surat

Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. Har gal 1-aprel — hazil-mutoyiba kuni sabab “Nasriddin Afandi qayerda tugʻilgan?” degan savol yuzaga qalqib chiqadi.

Bu savolga javob berishdan avval aytish kerakki, Nasriddin Afandi va u bilan bogʻliq latifalar nafaqat yurtimiz, balki Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Xitoy kabi davlatlarda ham mashhur. Binobarin, Xoʻja Nasriddin Afandi deyilganida millatidan qatʼiy nazar millionlab odamlarning yuziga tabassum yuguradi. Zero, Afandining hozirjavobligi, oʻtkir qochirimi, kinoyasi, hazil mutoyibasi oyogʻi yerdan uzilgan ne-ne amaldorlarning koʻzini ochmagan, baxilu odamiylikni unutgan kimsalar yuziga oyna tutmagan, deysiz. Begʻaraz kulgu esa buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino alohida taʼkidlab ketganidek, bemorni ham batamom sogʻlom odam holatiga tushiradi.

Shundan ham Marokashning Rabot shahrida boʻlib oʻtgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi sessiyasida Xoʻja Nasriddin Afandi haqidagi latifalarni soʻzlab berish anʼanasi YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgani ham bejiz emas.

Ayrim mutaxassislarning fikricha, latifalarni toʻplab oʻrganish, ularni kitob holida jamlash anʼanasi Buxoroda boshlangan. Bunga misol tariqasida Muhammad Avfiy Buxoriy faoliyati keltiriladi. U 1223-yilda latifalarni toʻplab, “Javomeʼul – hikoyot va lavomeʼur – rivoyot” (“Hikoyatlar toʻplami va rivoyatlar ziyosi”) nomli kitob yaratgan. Lekin Nasriddin Afandining qayerda tugʻilgani, qay bir yurtda yashab oʻtgani aniq emas. Latifalarning bosh qahramoni u yoki bu xalq ogʻzaki ijodi mahsuli, desak toʻgʻriroq boʻlar. Boshqacha aytganda, har bir xalqning oʻz Nasriddin Afandisi bor.

— Bilasiz, Buxoroning soʻlim Labi Hovuz majmuasida Xoʻja Nasriddin Afandiga haykal oʻrnatilgan, — deydi viloyat turizm boshqarmasi masʼul xodimi Boburjon Toʻxsanov. — U egnida oʻzbekona yaktak va chopon, belida belbogʻu boshida salla bilan eshak mingan holda tasvirlangan. Haykalning oʻrnatilganiga 45-yil boʻldi. Uning muallifi Ukrainada tugʻilib, taqdir taqozosi bilan yurtimizda yashab oʻtgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Yakov Shapiro sanaladi. Bu sanʼat asari shahrimiz mehmonlari, xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotib kelyapti. Shularni hisobga olgan holda Buxoroda har yil 1-aprel — hazil-mutoyiba kuni munosabati bilan “Nasriddin Afandi” festivalini oʻtkazilyapti.

Anʼanaviy tadbir odatdagidek, eski shahar koʻchalari boʻylab harakatlangan karvon yurishi bilan boshlandi. Nodir Devonbegi madrasasida festivalning ochilish marosimi tashkil etildi. Milliy kuy-qoʻshiqlar, askiyachi va qiziqchilar, qoʻgʻirchoqbozu ilon oʻynatuvchilarning chiqishlari, Nasriddin Afandi bilan bogʻliq latifalarning sahna namoyishi tomoshabinlar, jumladan, xorijiy sayyohlar kayfiyatiga kayfiyat qoʻshdi. Bayramona tadbir “Sharq taomlari” tanloviga ulanib ketdi. Sayyohlar palov, kabob kabi milliy taomlarimizni tayyorlash jarayoni bilan tanishib, ular hamda sharqona shirinliklardan tanovul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер